29 mart kuni Oliy Liga 4-tur uchrashuvlari start oldi. Turni Bekobodning «Metallurg» hamda Toshkentning «Paxtakor» jamoalari o`rtasidagi uchrashuv ochib berdi.
Bekobodda o`tkazilgan o`yinda amaldagi O`zbekiston chempioni – «Paxtakor» mavsumdagi ilk mag`lubiyatni tan olishga majbur bo`ldi. Uchrashuvning ikkinchi bo`limida «Metallurg» futbolchilari – Dilmurod Karimov va Ruslan Vagapov tomonidan urilgan ikki gol Bekobod jamoasini kamida 45 daqiqaga Oliy Liga yakka peshqadamiga aylantirdi. «Paxtakor» esa, ushbu mag`lubiyatdan so`ng, hozircha, musobaqa jadvalida 4-o`rinni egallab turibdi va uning o`rni 30 mart kuni o`tkaziladigan o`yinlardan so`ng yana o`zgarishi mumkin.
Ma`lumot o`rnida, «Metallurg»ning ushbu g`alabasi «Paxtakor» ustidan Oliy Liga bahslari doirasida erishgan uchinchi g`alabasidir. O`tkazilgan qolgan 24 o`yinda omad toshkentliklarga kulib boqqan.
Qayd etish joiz, Rustam Mirsodiqov shogirdlari shu kungacha o`tkazilgan to`rt uchrashuvning birortasida mag`lubiyatga uchrashmadi, ayni vaqtda, o`z darvozalaridan birorta gol ham olib chiqishgani yo`q. Jumladan, «Paxtakor» bilan o`yingacha, bekobodliklar Farg`onada «Neftchi»ni, o`z maydonlarida esa «Sho`rtan»ni 1:0 hisobida mag`lubiyatga uchratishgan, debyutant «Guliston»ga qarshi o`yinda esa 0:0 hisobida durang o`ynashgan edi.
5-turda «Metallurg» mavsum favoritlaridan biri – «Lokomotiv» mehmoni bo`ladi. Uchrashuv 12 aprel, juma kuni o`tkaziladi. «Paxtakor» esa, 14 aprel, yakshanba kuni, Toshkentda Samarqand «Dinamo»sini qabul qiladi.
Oliy Liga-2013, 4-tur uchrashuvi
29 mart, juma
«Metallurg» (Bekobod) – «Paxtakor» (Toshkent) – 2:0. 5012 tomoshabin.
Hakamlar: S. Zaylobiddinov (Fergana), O. Abduvasilov (Toshkent), O. Dachev (Toshkent), A. Rubakov (Toshkent).
Nazoratchi: G. Imomov (Toshkent).
Gollar: D. Karimov (59), R. Vagapov (87).
Ogohlantirishlar: Sh. Yo`ldoshev (45) – V. Kozak (68).
Eng yaxshi o`yinchilar: M. Ikromov – V. Kozak.