«Paxtakor» «Neftchi» ustidan g`alaba qozondi

17.03.2013

«Paxtakor» «Neftchi» ustidan g`alaba qozondi

Amaldagi O`zbekiston chempioni, Toshkentning «Paxtakor» klubi mag`lubiyatsiz yurishini davom ettirmoqda.

17 mart, yakshanba kuni Oliy Liga 3-tur uchrashuvlari yakuniga etdi. Turni Toshkentning «Paxtakor» va Farg`onaning «Neftchi» jamoalari o`rtasidagi o`yin yakunlab berdi. Qayd etish joiz, «Paxtakor» bungacha vodiyning boshqa bir jamoasi – «Navbahor»ga qarshi maydonga tushib, 2:0 hisobida g`alaba qozongan, 2-turdagi «Sho`rtan»ga qarshi o`yini noqulay iqlim sharoiti sabab qoldirilgan edi. Sarkisyan shogirdlari esa mavsumni «Dinamo»ga qarshi g`alaba bilan boshlaganliklariga qaramay, 2-turda o`z maydonida «Metallurg» yutqazib qo`yishgan edi.

Toshkentdagi «Paxtakor» Markaziy stadionida o`tgan bahs maydon egalarining 1:0 hisobidagi g`alabasi bilan yakuniga etdi. Murod Ismoilov shogirdlariga g`alaba keltirgan yagona gol uchrashuvning 49-daqiqasida himoyachi Davron Hoshimov tomonidan urildi. O`yin davomida har ikkala jamoada ham vaziyatlar bo`ldi, biroq futbolchilar ulardan unumli foydalana olishmadi. Bir vaziyatda «Neftchi» hujumchisi Anvar Berdiev «Paxtakor» darvozasiga gol ham urgandi, biroq bunda futbolchining o`yindan tashqari holatda qolgani hakam tomonidan qayd etildi.

4-turda «Paxtakor» safarda «Metallurg»ga qarshi maydonga tushadi, «Neftchi» esa o`z maydonida «Lokomotiv»ni qabul qiladi. Bekoboddagi o`yin 29 mart kuni o`tkazilsa, Farg`onadagi bahs 30 martga belgilangan.

Oliy Liga-2013, 3-tur uchrashuvi
17 mart, yakshanba
«Paxtakor» (Toshkent) – «Neftchi» (Farg`ona) 1:0 (0:0). 5218 tomoshabin.
Hakamlar:
O. Tolibjonov (Toshkent), R. G`apurov (Namangan), M. Majidov (Namangan), D. Pislegin (Toshkent).
Nazoratchi: F. Abdullaev (Toshkent).
«Paxtakor»: 12. Aleksandr Lobanov, 23. Aleksandr Merzlyakov, 29. Vladimir Kozak, 5. Akbar Ismatullaev, 24. Davron Hoshimov, 7. Kaxi Maxaradze, 26. Dilshod Sharofetdinov, 34. Oybek Qilichev (3. G`ulom O`runov, 78), 10. Jora Oganesyan (19. Igor Cergeev, 46), 15. Jamshid Iskanderov (21. Ildar Mamatkazin, 90+1), 9. Temurxo`ja Abduxoliqov.
Zaxirada qolganlar: 30. Temur Jo`raev, 18. San`at Shixov, 27. Ilhom Suyunov, 45. Maksimilian Fomin.
«Neftchi»: 21. Farrux Turdialiev, 20. Dilyorbek Ermatov, 3. Shukur Po`latov, 44. Shavkat Nasibullaev, 5. Iqbol Boboxonov, 23. Sanjar Asqaraliev, 22. Iqbol Akramov (30. Otabek Zokirov, 75), 6. Baxtiyor Yoqubov (15. Sardor Soibov, 58), 7. Mansur Saidov (19. Sherzod Hakimov, 88), 17. Sardor Mirzaev, 10. Anvar Berdiev.
Zaxirada qolganlar: 46. Xurshid Xo`jaev, 8. Aziz Alijonov, 14. Faxriddin Xolmurodov, 45. Muhsin Nizomiddinov.
Gol: D. Hoshimov (49).
Ogohlantirishlar: D. Hoshimov (38) – I. Akramov (26), M. Saidov (80), D. Ermatov (87).

Uchrashuvdan so`ng
Murod Ismoilov, «Paxtakor» bosh murabbiyi:
«Neftchi» bilan o`yinlar hamisha keskin kechib keladi. Bu safar ham shunday holatga guvoh bo`ldik. Uchrashuv davomida bir qator xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdik. Biroq ulardan foydalanishda xatolarga yo`l qo`ydik. Ikkinchi bo`lim o`rtalarida hisobdagi farqni oshirish uchun juda yaxshi vaziyatlarni yuzaga keltirdik. O`yin oxirida esa himoyaga e`tibor qaratdik. Chunki uchrashuv tugab borgani sari futbolchilar ruhan shuni o`ylashni boshlashadi. Bugun yigitlarning o`yinidan qoniqish hosil qildim. Jamoa hujumkor futbol ko`rsata oldi».

Yuriy Sarkisyan, «Neftchi» bosh murabbiyi: «Uchrashuvga tuzgan rejamiz bo`yicha himoyada ehtiyotkorlik bilan harakat qilib, keyin qarshi hujumda mezbonlar darvozasini ishg`ol etish edi. Hammasi yaxshi ketayotgandi, biroq birgina xato mag`lubiyatga sabab bo`ldi. O`sha holatda darvozabon qo`pol xatoga yo`l qo`ydi. O`tgan turda «Metallurg» bilan bo`lgan bahsda esa himoyachimizning xatosi raqibga gol tuhfa etgandi. Lekin posbonimiz hali yosh va iqtidorli. U bunday xatolarni keyingi bellashuvlarda takrorlamasligi lozim. O`zi ham qilgan ishini yaxshi tushunib turibdi. Xatoni faqat hech narsa qilmagan odam qilmaydi».

Xabar «Paxtakor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib