Oliy Liga-2013 debyutantlaridan biri, Jizzaxning «So`g`diyona» klubi mavsumdagi ilk g`alabani tantana qildi.
17 mart, yakshanba kuni Oliy Liga 3-tur bahslari doirasdia Jizzaxning «So`g`diyona» klubi Namanganning «Navbahor» jamoasini qabul qildi. O`yin, Jizzaxdagi stadionda ta`mirlash ishlari davom etayotgani munosabati bilan, Jizzax viloyatining Zomin shahridagi yangi qurib bitkazilgan stadionda o`tkazildi.
Har ikkala jamoa ham mavsumni mag`lubiyat bilan boshlagan edi – «So`g`diyona» 1-turda «Bunyodkor»ga yirik, 0:5 hisobida imkoniyatni boy bergan bo`lsa, «Navbahor» «Paxtakor» mehmoni bo`lib, 0:2 hisobida mag`lub bo`lgandi. Har ikkala jamoaning 2-turdagi o`yinlari noqulay ob-havo sharoiti tufayli boshqa muddatlarga qoldirilgan edi.
O`zaro o`yinda «So`g`diyona» «Navbahor»dan kuchliroq chiqdi. Uchrashuvning birinchi bo`limida hisob ochilmadi, biroq tanaffusdan so`ng Davron Fayziev shogirdlari tezlikni oshirishdi va buning natijasi o`laroq jizzaxliklar to`rt daqiqa ichida Namangan jamoasi darvozasini ikki bor ishg`ol etishning uddasidan chiqishdi. Hisob Xurshid Yo`ldoshev tomonidan ochilgan bo`lsa, oradan ko`p o`tmay Sardor Qahhorov muvaffaqiyatni mustahkamladi.
2:0 hisobi o`yin oxirigacha o`zgarmay qoldi. Ushbu natija «So`g`diyona»ni 9-o`ringa olib chiqqan bo`lsa, «Navbahor» 11-o`rinda qoldi.
4-turni «So`g`diyona» safarda o`tkazadi – Davron Fayziev shogirdlari 30 mart kuni G`uzorda «Sho`rtan» mehmoni bo`lishadi. Xuddi shu kuni «Navbahor» «Nasaf»ni qabul qilishi rejalashtirilgan. Bu orada, 23 mart kuni, «So`g`diyona» «Buxoro»ga qarshi qoldirilgan 2-tur uchrashuvida maydonga tushadi.
Oliy Liga-2013, 3-tur uchrashuvi
17 mart, yakshanba
«So`g`diyona» (Jizzax) – «Navbahor» (Namangan) – 2:0. 4841 tomoshabin.
Hakamlar: R. Ermatov (Toshkent), A. Rasulov (Toshkent), J. Saidov (Toshkent), I. Xudoydotov (Toshkent).
Nazoratchi: A. Popov (Toshkent).
«So`g`diyona»: 1.Aleksandr Melenchuk, 3.Ilhom Komilov, 6.Murodjon Toshmatov, 7.Rasul Hayitov (2.Javodullo Ibrohimov, 72), 9.Xurshid Yo`ldoshev, 10.Zafar Narziqulov (5.Ilyos Qurbonov, 58), 14.Renat Bayramov, 15.Anvar Rahimov (20.Durbek Umaraliev, 81), 22.Orif Mamajonov, 24.Elyor Oripov, 25.Sardor Qahhorov.
Zaxirada qolganlar: 16. Shirinboy Abdullaev, 4. Asil Begimqulov, 8.Botirjon Karimjonov, 21.Akmal Abdurahmonov).
«Navbahor»: 16.Denis Romanenko, 4.Abdumajid Toirov, 6.Leonid Koshelev (10.Akram Bahritdinov, 61), 8.Azimjon Ahmedov, 13.Temur Sultonov, 15.Vitaliy Pochuev, 20.G`ayrat Jo`raev, 22.Ro`zimboy Ahmedov, 24.Obid Hakimov (9.Ilhom Boydadaev, 46), 25.Abdurazzoq Jo`raev (26.Qahramon Mamajonov, 55), 32.Jahongir Mehmonov..
Zaxirada qolganlar: 1.Viktor Mochalov, 5.Maqsudjon Hayitov, 11.Rasul Shuhratov, 21.A`zamjon Aliev.
Gollar: R. Bayramov (76), S. Qahhorov (78).
Ogohlantirishlar: O. Mamajonov (69) – J. Mehmonov (3), D. Romanenko (27), G`. Jo`raev (28), R. Ahmedov (66).
Chetlatish: J. Mehmonov (ikkinchi ogohlantirish, 51).
Eng yaxshi o`yinchilar: R. Bayramov – A. Toirov.
Uchrashuvdan so`ng
Mustafo Bayramov, «Navbahor» bosh murabbiyi: «Agar maydonda o`n kishi bo`lib qolmaganimizda edi, hammasi umuman boshqacha yakunlangan bo`lardi. Raqibimiz bugun g`alaba qozonishni bizdan ko`ra ko`proq xohladi va ularga omad kulib boqdi».
Davron Fayziev, «So`g`diyona» bosh murabbiyi: «O`yin juda qiziqarli kechdi. Bugun omad biz tarafda bo`ldi. Har ikkala jamoada ham gol urish ko`plab imkoniyatlar yuzaga keldi. Biz ana shunday imkoniyatlarning ikkitasidan unumli foydalana oldik».