«Bunyodkor» safarda «Qizilqum»ga qarshi to`p surib, navbatdagi yirik hisobli g`alabani qo`lga kiritdi.
17 mart, yakshanba kuni Oliy Liga 3-tur uchrashuvlari davom ettirildi. Shu kuni amaldagi O`zbekiston Kubogi sohibi «Bunyodkor» Zarafshonda «Qizilqum» mehmoni bo`ldi. «Bunyodkor» dastlabki ikki turda raqiblar darvozasiga jami 8ta gol urib, o`z darvozasi dahlsizligini saqlab qolgan bo`lsa, «Qizilqum» o`z maydonida «Guliston»ga, safarda «Olmaliq»ga imkoniyatni boy bergandi.
Zarafshonda o`tgan 3-tur o`yini «Bunyodkor» tashabbusi ostida o`tdi va Mirjalol Qosimov shogirdlari ushbu ustunlikni hisobda ham aks ettirishning uddasidan chiqishdi. «Bunyodkor» yarim himoyachisi Oleg Zoteev o`yinda dublga erishdi. Dastlab u kuchli zarba bilan Erkin Jabborov darvozasini aniq nishonga olgan bo`lsa, ikkinchi bo`limda Alibobo Rahmatullaev tomonidan etkazib berilgan uzatmani golga aylantirdi. Shuningdek, o`yin yakunlanishi arafasida hujumchi Igor Taran yakkama-yakka vaziyatda Erkin Jabborovni dog`da qoldirdi.
Ushbu g`alabadan so`ng «Bunyodkor» Oliy Liga peshqadamligini «Metallurg»dan qaytarib oldi. Jamoa dastlabki 3-tur yakuniga ko`ra, 9 ochko to`plagani holda, yakka peshqadam bo`lib turibdi. «Qizilqum» esa uchta o`yinda atigi bitta gol urgani holda eng so`nggi – 14-o`rinda bormoqda.
4-turda «Bunyodkor» o`z maydonida mag`lubiyatsiz seriyani davom ettirayotgan «Guliston»ni qabul qiladi. O`yin 29 mart kuni o`tkaziladi. «Qizilqum» esa 30 mart kuni mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlagan boshqa bir jamoa – «Buxoro» mehmoni bo`ladi.
Oliy Liga-2013, 3-tur uchrashuvi
17 mart, yakshanba
«Qizilqum» (Zarafshon) – «Bunyodkor» (Toshkent) 0:3 (0:1)
Hakamlar: M.Ismoilov (Toshkent), R.Serazetdinov (Toshkent), A.Usmonov (Toshkent), R.Toshmuxamedov (Nukus).
Nazoratchi: B.Galeev (Urganch).
«Qizilqum»: 1.Erkin Jabborov, 2.Timur Yafarov, 5.Avaz Agaliev, 6.Farruh Haydarov, 7.Andrey Vlasichev, 9.Olim Novkarov, 12.Timur Ayzatulov, 17.Timur Vasilev (15.Muqimjon Toshmatov, 59), 19.Yannis Mandzukas (10.Feruz Boboqulov, 67), 20.Ilya Ilin, 22.Alisher Samatov
«Bunyodkor»: 1.Ignatiy Nesterov, 2.Akmal Shorahmedov, 4.Xayrulla Karimov, 6.Anvar G`ofurov, 7.Marko Blajich (14.Alibobo Rahmatullaev, 72), 8.Javlon Ibrohimov, 11.Oleksandr Pishur (9.Igor Taran, 79), 13.Lutfulla To`raev, 17.Kamoliddin Murzoev (18.Fozil Musaev, 89), 23.Sahob Jo`raev, 33.Oleg Zoteev.
Gollar: O. Zoteev (39, 87), I. Taran (88).
Xabar «Qizilqum» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.