Qarshining «Nasaf» klubi Oliy Liga-2013 bahslarida ilk g`alabasini qo`lga kiritdi. «Buxoro» esa ikkita o`yinda 8ta gol o`tkazib yubordi.
16 mart, shanba kuni Qarshidagi «Markaziy» stadionida «Nasaf» va «Buxoro» jamoalari o`rtasida Oliy Liga 3-tur uchrashuvlari bo`lib o`tdi. «Nasaf» tashabbusi ostida o`tgan o`yin 3:1 hisobida mezbonlar g`alabasi bilan yakuniga etdi.
Uchrashuvda hisob 14-daqiqada Alisher Yusupov tomonidan ochildi. Uchrashuv yakunlanishi arafasida esa himoyachi Yusupov dublni rasmiylashtirdi. Bungacha esa «Nasaf» hujumchisi Ilhom Shomurodov va «Buxoro» hujumchisi Vohid Shodiev bittadan gol urib ulgurishgan edi.
3-tur uchrashuvidan so`ng «Nasaf» ochkolari sonini 4taga etkazib, 6-o`ringa ko`tarilib oldi. Ikki uchrashuvda ikkita gol urib, jami sakkizta gol o`tkazib yuborgan «Buxoro» esa musobaqa jadvalining eng quyi pog`onasida bormoqda.
4-turda «Nasaf» safarda «Navbahor»ga qarshi to`p suradi, «Buxoro» esa «Qizilqum»ni qabul qiladi. Har ikkala o`yin ham 30 mart, shanba kuni o`tkaziladi.
Oliy Liga-2013, 3-tur uchrashuvi
16 mart, shanba
«Nasaf» (Qarshi) – «Buxoro» (Buxoro) 3:1 (2:0). 4499 tomoshabin.
Hakamlar: V. Kovalenko (Toshkent), R. Ilyosov (Toshkent), M. Saidqosimov (Toshkent), A. Choriev (Termiz).
Nazoratchi: I. Mustafin (Toshkent).
«Nasaf»: 25. Eldorbek Suyunov, 4. Maqsud Karimov, 5. Botir Qoraev, 9. Ilhom Shomurodov (41. Azamat Allaniyazov, 90), 15. Zohid Abdullaev (77. Suhrob Nexmatov, 62), 16. Alisher Yusupov, 17. Artur Gevorkyan (s), 20. Erkin Boydullaev, 22. Shohruh Gadoev, 27. Ilhom Yunusov, 33. Odil Hamrobekov.
Zaxiradagilar: 1. Mixail Naumov, 8. Mirzakamol Kamolov, 14. Laziz Ubaydullaev, 28. Shuhrat Muhammadiev, 34. Farruh Sayfiev.
«Buxoro»: 20. Sardor Qobuljonov, 2. Naoya Shibamura, 4. Devid Oniya, 5. Giorgi Kvesishvili, 7. Aleksey Nikolaev, 8. Alisher Mahmudov, 10. Alisher Sanoev (14. Vohid Shodiev, 46), 11. Otabek Valijonov (14. Jamshid Hasanov, 64, 23. Alisher Azizov, 73), 17. Otabek Narzullaev, 21. Bahriddin Vahobov, 24. Asqar Muhiddinov.
Zaxiradagilar: 30. Botir Nosirov, 77. Azizbek Muratov, 9. Shaxzod Suleymanov.
Gollar: Alisher Yusupov (14, 90+1), Ilhom Shomurodov (20) – Vohid Shodiev (69).
Ogohlantirishlar: Aleksey Nikolaev (22), Ilhom Yunusov (24), Alisher Mahmudov (76), Otabek Narzullaev (90), Alisher Yusupov (90+1).
Chetlatish: Sardor Qobuljonov (82).
Uchrashuvdan keyin
Ro`ziqul Berdiev, «Nasaf» bosh murabbiyi: «Dastlabki ikki turda g`alaba qozona olmaganimiz uchun bu o`yinga futbolchilarni ruhiy tayyorlashimiz lozim edi. Qolaversa, «Buxoro» ham jiddiy raqib hisoblanadi. Barchasi biz o`ylagandek bo`ldi va muxlislarga ilk g`alabani taqdim etdik. Qolaversa, bugun tarkibimizda ikki yosh futbolchi - darvozabon Eldorbek Suyunov va Odil Hamrobekov debyut qilishdi. Ularning harakatlaridan qoniqdim».
Tajmurad Agamuradov, «Buxoro» bosh murabbiyi: «Birinchi bo`limni omadsiz boshladik. Qisqa vaqtda ikkita to`p o`tkazib yubordik. Ikkinchi bo`limda esa o`yinimiz biroz o`xshadi. Gol urishga ham erishdik. Lekin yosh futbolchini zaxiradan maydonga chiqarganimiz o`zini oqlamadi. Buning ustiga o`yin oxirida darvozabonimizni maydondan chetlatilgani bizga qimmatga tushdi».
Xabar "Nasaf" matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.