14 mart kuni Oliy Liga 3-turidan o`rin olgan «Lokomotiv» hamda «Sho`rtan» jamoalari o`rtasidagi bahs bo`lib o`tdi. Toshkentdagi «Lokomotiv» stadionida o`tgan bahs mezbonlarning yirik – 3:0 hisobidagi g`alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvning ilk daqiqalaridan boshlab maydonda ustunlik qilgan temiryo`lchilar, o`yin avvalida bir qator qulay imkoniyatlarga ega bo`lishdi. Ammo, raqib himoyachilari va darvozaboni mezbon jamoa hujumchilariga imkon berishmadi. Shunday bo`lsa-da, «Lokomotiv» tanaffusga 1:0 hisobidagi g`alaba bilan chiqib ketdi. 37-daqiqada chap qanotdan Sanjar Tursunov etkazib bergan to`pni Farhod Tojiev boshi bilan darvozaga to`g`irlab qo`ydi -1:0.
Ikkinchi bo`limda g`uzorliklar biroz jonlanishdi, ammo yakuniy zarbalarda ularga omad etishmadi. Uchrashuv teng kurashlar ostida kechayotgan bir paytda aka-uka Tojievlarning kenjasi yana o`zini ko`rsatdi. Uzoqdan berilgan zarbani «Sho`rtan» darvozaboni qo`ldan chiqarib yubordi. Unga hammadan avval etib kelgan Tojiev to`pni darvozaga joylab qo`ydi. Hisob 2:0 ko`rinishiga etgandan keyin g`uzorliklar oldinga tashlanishdi, ammo uchrashuvning hakam qo`shib bergan daqiqalari o`tib borayotganda yana o`z darvozalaridan to`p olib chiqishdi. Uchrashuv so`ngida zahiradan maydonga tushgan temiryo`lchilar a`zosi Alan Kusov, burchakdan etkazib berilgan to`pni boshi bilan chiroyli tarzda darvozaga yo`llab, hisobni yirik ko`rinishga olib kelib qo`ydi.
Oliy Liga. 3-tur
«LOKOMOTIV» – «ShO`RTAN» - 3:0 (1:0)
GOLLAR: Farxod Tojiev (37. 84), Alan Kusov (90+2)
Ogohlantirishlar: S. Tursunov (45) - Ya. Krushelnitskiy (27), Sh. Jumaboev (71), A. Omonov (71), A. Fomenko (74)
Hakamlar: Xasan Ro`ziev, Andrey Snetkov, Xolmat Mirzaahmedov, Olim To`ychiboev
«Lokomotiv» stadioni 1705 tomoshabin.
«Lokomotiv»: 1.Pavel Bugalo, 7.Sadriddin Abdullaev, 8.Akmal Xolmatov (6.Dilshod Raxmatullaev, 83), 9.Zayniddin Tojiev (16.Jasur Xasanov, 65), 10.Farhod Tojiev, 19.Islom Inomov, 20.Islom To`xtaxujaev, 22.Sherzod Sharipov,29.Viktor Karpenko (14. Alan Kusov, 73), 30.Dilshod Jabborov, 77.Sanjar Tursunov
Zahirada qolganlar: (12.Timur G`aniev, 13. Rustam A`zamov, 17.Salim Mustofaev, 18. Pavel Smolyachenko).
«Sho`rtan»: 1.Pavel Leus, 2. Yaroslav Krushelnitskiy, 3. Shavkat Raimqulov, 5. Asror Aliqulov, 8.Arturas Fomenko, 10. Pavel Solomin, 15. Obid Jo`raboev (16. Elyor Intizomov, 83), 17. Vyacheslav Ponomaryov, 18. Dilyaver Abibullaev, 19. Ibroxim Otaxonov (9. Shukur Jumaboev, 46), 20. Aleksandr Vostrikov (6. Abbos Omonov, 43)
Zahirada qolganlar: (30. Korneychuk Aleksandr, 4. Otaqulov Jamol, 14. Mansurov Aziz, 21.Raupov Zoxid).
Uchrashuv yakunlangach har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Edgar Gess, «Sho`rtan»: «Birinchi bo`limda o`yinimiz qovushmadi. Ikkinchi bo`limdagina futbolchilarim ancha jonlanishdi. Shogirdlarimning o`yinidan ko`nglim to`ldi. Ayrim vaziyatlarda bizga omad ham etishmadi. «Lokomotiv» ayni paytda o`z tarkibida ancha kuchli futbolchilarni jamlagan. Bugungi g`alaba bilan ularni tabriklayman».
Xakim Fuzaylov, «Lokomotiv»: «O`yin juda qiyin kechdi deyishim mumkin. Raqibimiz o`yinga ancha jiddiy tayyorgarlik ko`rgani bilindi. Aytishim mumkinki, shogirdlarim o`yindan oldingi ko`rsatmalarni to`lig`icha bajarishdi. Bugungi o`yin uchun barchaga, futbolchilarga va bizni qo`llab-quvvatlab turgan muxlslarga raxmat».
Xabar «Lokomotiv» futbol klubi matbuot xizmati xodimi Ma`mur Mamadaliev yordamida tayyorlandi.
Surat muallifi O`FF matbuot xizmati hodimi Hasan Pirmuxamedov.