«Qizilqum»ni mag`lubiyatga uchratgan «Olmaliq» musobaqa jadvalida kuchli uchlikka kirib oldi.
9 mart kuni Oliy Liga 2-tur bahslari doirasida Toshkent viloyatining «Olmaliq» jamoasi o`z maydonida Zarafshonning «Qizilqum» jamoasini qabul qildi. «Olmaliq» chempionatning dastlabki uchrashuvini Qarshida «Nasaf»ga qarshi o`tkazib, so`nggi daqiqalarda tayyor g`alabani qo`ldan chiqargan edi. «Qizilqum» esa, kutilmaganda, o`z maydonida musobaqa debyutanti «Guliston»dan 0:2 hisobida engilgan edi.
«Olmaliq» va «Qizilqum» o`rtasidagi o`yin qizg`in kurashlarga boy bo`ldi va maydon egalarining 2:1 hisobidagi g`alabasi bilan yakuniga etdi. Qayd etish joiz, olmaliqlik futbolchilar bu safar ham «so`nggi daqiqalar qurboni»ga aylanishlari mumkin edi. Jumladan, uchrashuvning 71-daqiqasida hisob «Olmaliq» hujumchisi Shahboz Erkinov tomonidan ochildi, oradan 8-daqiqa o`tar-o`tmas Mo`ydin Mamazulumov hisobdagi farqni oshirdi.
Biroq uchrashuvning so`nggi daqiqalarida hujumkorlikni oshirgan Ravshan Haydarov qo`l ostidagi «Qizilqum» futbolchilari hakam tomonidan uchrashuv asosiy vaqtiga qo`shib berilgan daqiqalarda hisobni qisqartirishga muvaffaq bo`lishdi. Biroq bundan ortig`iga «Qizilqum»ga vaqt etishmadi.
Noqulay ob-havo sharoiti tufayli, 2-turning to`rtta o`yini noma`lum muddatga qoldirilgani sabab, ushbu g`alaba «Olmaliq»ni musobaqa jadvalida 3-o`ringa olib chiqdi. 3-turda «Olmaliq» 16 mart, shanba kuni «Guliston» uyiga safar qilsa, «Qizilqum» esa 17 mart, yakshanba kuni o`z maydonida «Bunyodkor»ni qabul qiladi.
Oliy Liga-2013, 2-tur uchrashuvi
9 mart, shanba
«Olmaliq» (Olmaliq) – «Qizilqum» (Zarafshon) 2:1 (0:0)
Gollar: Shahboz Erkinov (70), Muydin Mamazulumov (78) – Olim Navkarov (90+4)
Ogohlantirishlar: yo`q.
Hakamlar: Ilgiz Tantashev, Bobur Qodirov, Abdurahmon Qo`ldoshev, Vadim Agishev.
«Metallurg» stadioni, 5 000 tomoshabin.
«Olmaliq»: 1.Maqsatmurot Shomurodov, 2.Temur Kagirov, 3.Azamat Isroilov, 5.Evgeniy Gogol, 6.Akmal Rustamov, 7.Doston Abdurahmonov, 9.Zafar Polvonov (Mo`ydin Mamazulumov, 62), 11.Zohir Pirimov (Sherali Jo`raev, 55), 18.Samandar Shodmonov (Igor Petkovich, 68), 21.Shahboz Erkinov, 24. Diyor Turopov.
Zaxirada qolganlar: 16.Umidjon Xonimqulov, 8.Zafar To`raev, 15.Bahrom Yuldashev, 19.Ma`rufxon Murodov.
«Qizilqum»: 70.Eldor Tojiboev (Erkin Jabborov, 60), 2.Temur Yafarov, 6.Farrux Haydarov, 7.Andrey Vlasichev, 9.Olim Navkarov, 10.Feruz Boboqulov (11.Navro`z Olimov, 84), 12.Temur Ayzatulov, 19.Yannis Manzukas, 20.Ilya Ilin, 22.Alisher Samatov (15.Muqimjon Toshmatov, 57), 41.Aziz G`ulomxo`jaev.
Zaxirada qolganlar: 3.Alisher Turdiev, 5.Avaz Agaliev, 14.Fayzulla Qambarov, 21.G`ulomhaydar G`ulomov.
Ravshan Xaydarov, «Qizilqum» bosh murabbiyi: «Bunaqa maydonda futbol o`ynashni iloji deyarli yo`q edi. Ammo har ikkala jamoa futbolchilariga rahmat, ancha qiziqarli va shiddatli o`yin namoyish etishdi. Jamoamizning o`zagi 60 foizga o`zgarib ketdi. Bugun jismoniy jihatdan mezbonlardan ustun emasdik. Buning ustiga maydon yomonligi sabab darvozabonimiz jarohat oldi.
Jamoani ko`pchilik tark etishiga moliyaviy holatimiz va bir yillik shartnomalar sabab bo`lmoqda. Murabbiy yaxshi jamoa tuzishi uchun bu vaqt kamlik qiladi. Maqsadimiz o`tgan yilgidan yomon bo`lmagan natijalarni qo`lga kiritish».
Igor Shkvirin, «Olmaliq» bosh murabbiyi: «Ob-havo sabab, bu turning ko`p o`yinlari qoldirildi. Bizda maydonni o`yinga shay holatga keltirish ishlari olib borildi. Bugun imkon qadar maydonni tayyorlagan barchaga rahmat. Umuman olganda qor yog`maganda ham biz qumli maydonda o`ynashga majbur bo`lardik. To`g`risi tushuna olmayapman. Nega Qarshida maydon ko`m-ko`k, iqlimi ulardan qulay Olmaliqda o`t o`stirish imkoni yo`q. Yoki bu erda yomg`irning unumi yo`qmi? Jamoa o`yini turdan-turga kuchayib boradi. Bu yil o`zakni saqlab qolgan holda to`p bilan muoamala borasida tajribali futbolchilarni tarkibga qo`shdik.
Avvalgi yillarda so`nggi daqiqalarda gol urib kerakli natijalarga erishardik. Hozir esa aksincha bo`lyapti. So`nggi daqiqalarda bo`sh o`yin namoyish etish sabablarini aniqlash lozim. Diyor Turopov har tomonlama o`zini ko`rsata olmoqda. Shu sababli yosh bo`lsada unga ishonch bildiryapmiz. Isroil Ergashev hozirgi holatida tayyor emas».
Xabar "Olmaliq" FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.