8 mart kuni Oliy Liga-2013 2-tur bahslari start oldi.
Turni, taqvim bo`yicha, G`uzorning «Sho`rtan» va Toshkentning «Paxtakor» jamoalari o`rtasidagi o`yin ochib berishi kerak edi. Biroq, O`zbekiston bo`ylab ob-havoning keskin o`zgarishi natijasida, G`uzorda juda qalin qor yog`di va natijada o`yin o`tkazish imkoni qolmadi. O`yin noma`lum muddatga qoldirildi. «Sho`rtan» – «Paxtakor» o`yini yangi sanasi bo`yicha keyinroq qo`shimcha axborot beriladi.
Shunday qilib, turni «Bunyodkor» va «Nasaf» jamoalari o`rtasidagi o`yin ochib berdi. Toshkentdagi «Jar» stadionida kechgan o`yinda «Bunyodkor» tashabbusga erishib, raqibni yirik – 3:0 hisobida mag`lubiyatga uchratdi.
Uchrashuvda hisob 16-daqiqada, ukrainalik hujumchi Aleksandr Pishchurning bosh bilan bergan aniq zarbasidan so`ng ochildi. Ushbu gol Pishchur uchun Oliy Ligadagi 4-gol bo`ldi – «So`g`diyona»ga qarshi 1-tur uchrashuvida u xet-trikka erishgan edi. 29-daqiqaga kelib «Bunyodkor» hisobdagi ustunlik mustahkamladi – «Nasaf»ning sobiq vakili Fozil Musaev tomonidan uzoq masofadan yo`llangan juda aniq zarba yo`liga «Nasaf» darvozaboni to`g`anoq bo`la olmadi. O`yin 2:0 hisobi bilan yakunlanishi mumkin edi, biroq ikkinchi bo`limda zaxiradan maydonga tushgan yarim himoyachi Alibobo Rahmatullaev tomonidan uzoq masofadan yo`llangan zarba «Bunyodkor»ning ketma-ket ikkinchi o`yinda yirik hisobda g`alaba qozonishini ta`minladi.
Qayd etish joiz, «Bunyodkor» mavsum start olganidan beri hali o`z darvozasidan biror marta to`p o`tkazib yuborgani yo`q. Jumladan, Qosimov shogirdlari Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi 1-turida Yaponiyaning «Sanfrechche Xirosima» klubini 2:0 hisobida mag`lubiyatga uchratishgan bo`lsa, Oliy Ligada «So`g`diyona» va «Nasaf» jamoalari mos ravishda 5:0 va 3:0 hisobida taslim etishdi.
«Bunyodkor» Oliy Liga doirasidagi navbatdagi uchrashuvni 17 mart, yakshanba kuni safarda, Zarafshonning «Qizilqum» jamoasiga qarshi o`tkazadi. Bungacha esa 13 mart, chorshanba kuni Toshkentda Janubiy Koreyaning «Poxang Stilerz» jamoasini qabul qiladi. «Nasaf» esa 3-tur doirasida 16 mart kuni o`z maydonida «Buxoro»ni qabul qiladi.
Oliy Liga-2013, 2-tur uchrashuvi
BUNYoDKOR – NASAF 3:0 (2:0)
Gollar: Aleksandr Pishur (15), Fozil Musaev (29), Alibobo Rahmatullaev (87)
Ogohlantirishlar: Alibobo Rahmatullaev (47), Fozil Musaev (58), Artyom Filiposyan (67) – Xamza Karimov (38)
Hakamlar: Vladislav Tseytlin, Nabijon Ro`zimov, Olimjon Abduvasilov, Ahmadjon Ergashev (barchasi – Toshkent)
«JAR» stadioni: 1684 tomoshabin
«Bunyodkor»: 1.Ignatiy Nesterov (sardor), 2.Akmal Shorahmedov, 4.Xayrulla Karimov, 7.Marko Blajich (14.Alibobo Rahmatullaev 46), 8.Javlon Ibroximov, 11.Oleksandr Pishur (17.Kamoliddin Murzoev 79), 13.Lutfulla To`raev, 16.Artyom Filiposyan, 18.Fozil Musaev, 19.Jasur Hasanov, 23.Sahob Jo`raev (6.Anvar G`ofurov 67)
Zaxirada qolganlar: 25.Murodjon Zuxurov, 5.Dilshod Jo`raev, 9.Igor Taran, 33.Oleg Zoteev
«Nasaf»: 1.Mixail Naumov, 4.Maqsud Karimov, 5.Botir Qoraev, 9.Ilhom Shomurodov, 15.Zoxid Abdullaev (41.Azamat Allaniyozov 63), 16.Alisher Yusupov (28.Shuhrat Muhammadiev 87), 17.Artur Gevorkyan (sardor), 20.Erkin Boydullaev, 22.Shoxrux Gadoev, 27.Ilxom Yunusov, 32.Xamza Karimov
Zaxirada qolganlar: 21.G`ayratjon Hasanov, 8.Mirzakamol Kamolov, 14.Laziz Ubaydullaev, 19.Eldor Boymatov, 77.Suhrob Ne`matov
Uchrashuv yakunlangach har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Ro`zikul Berdiev: Darvozabon – yarim jamoa!
“Bunyodkor” – “Nasaf” uchrashuvidan keyingi matbuot anjumaniga birinchi bo`lib “Nasaf” ustozi tashrif buyurdi.
- “Bunyodkor”ni haqli g`alaba bilan tabriklayman. Bugun raqiblarimiz bizdan har tomonlama kuchlilik qildi: tajriba borasida ham, tayyorgarlik borasida ham. Darvozabon – yarim jamoa deb bekorga aytishmaydi. Hisob 1:0 bo`lib turgan paytda Ignatiy Nesterov “Bunyodkor”ni juda qiyin vaziyatda qutqardi. Kim biladi deysiz, o`sha paytda hisobni tenglashtirganimizda o`yinning qolgan daqiqalari boshqacha kecharmidi... Artur Gevorkyanning o`yini qovushmadi, biroq unga ishonishda davom etamiz. E`tibor beringlar: biz uch metrdan gol urolmayapmiz, raqib esa 25 metrlar chamasidan gol uryapti. Bugun etakchi futbolchilarimiz jarohati tufayli yordam berisholmadi. Jumladan Kenja To`raev. Hujumchi – gol urishi kerak! Ilhom Shomurodov butun o`yin davomida tinim bilmagan bo`lsa-da, asosiy vazifamizga erishish uchun uning mehnatlari etarli bo`lmadi.
Mirjalol Qosimov: O`yinga maydonni tayyorlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman
“Bunyodkor” – “Nasaf” uchrashuvidan keyingi matbuot anjumaniga ikkinchi qismi “qaldirg`orchlar” ustozi bilan o`tdi.
- Qiziqarli uchrashuv guvohi bo`ldik. Ikkala jamoa ham o`zining yaxshi tomonlarini ko`rsatishga harakat qildi. Birinchi bo`limda raqib darvozasiga ikkita gol urdik. Posbonimiz Ignatiy Nesterov qahramonlik ko`rsatib, o`ta murakkab vaziyatda jamoa joniga oro kirdi. Marko Blajich o`yinda to`liq ishtirok etishga jismoniy jihatdan tayyor bo`lib ulgurmagan. Uning o`rniga maydonga tushgan Alibobo Rahmatullaev bahsga yaxshi moslashib ketdi, deb o`ylayman. Rahmatullaev dastlabki ikkita vaziyatdan foydalana olmadi, biroq uchinchi holatda u darvozani ishg`ol qildi. Hozir tarkibda o`zgartirish qilaveradigan payt emas. Avvalo jamoani shakllantirish kerak.
“Bunyodkor” va “Nasaf”ni taqqoslaganda o`tgan yilgidagi tarkibda o`zgarishlar yuz berdi. Avvalgi o`yinlarda qarshiliklar himoyaviy taktika qo`llashardi. Bugun ikkita to`p farqi bilan oldinda borganimiz tufayli “Nasaf” hujumga o`tdi. Raqibga 0:3 yoki 0:4 hisobida mag`lubiyatga uchrashning farqi yo`q edi. Bugungi qiyin ob-havo sharoitida maydonni tozalab, uchrashuvni yaxshi saviyada o`tishiga hissa qo`shgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek bugun 8 mart – xalqaro xotin-qizlar bayrami. Ikki uchrashuvda 8ta gol urib, bayramga sovg`a tayyorladik.
Oliy Liga 2-turidan o`rin olgan navbatdagi o`yinlar 9 mart kuni o`tkaziladi.
Xabar «Bunyodkor» futbol klubi matbuot xizmati xodimi Bahodir Mirzaev yordamida tayyorlandi.