Mavsum oralig`ida «Bunyodkor» o`z tarkibiga ikki nafar legioner – serbiyalik yarim himoyachi Marko Blajich va ukrainalik hujumchi Aleksandr Pishchurni qo`shib oldi.
29 yanvar kuni 32 yoshga to`lgan Aleksandr Pishchur Toshkent klubiga Ukraina Birinchi Ligasida ishtirok etadigan Kievning «Obolon» jamoasidan kelib qo`shildi.
Pishchur «Bunyodkor» safidagi ilk rasmiy o`yinini 27 fevral kuni o`tkazdi. Shu kuni Mirjalol Qosimov shogirdlari Osiyo Chempionlar guruh bosqichi 1-turi doirasida Yaponiyada mahalliy «Sanfrechche Xirosima» klubiga qarshi maydonga tushishdi. Debyut muvaffaqiyatli chiqdi. Ukrainalik hujumchi ilk daqiqalardan maydonga tushib, oxir-oqibat toshkentliklarning 2:0 hisobidagi g`alabasi bilan yakuniga etgan o`yinning 45-daqiqasida hisobni ochgan edi.
Oradan besh kuni o`tib ukrainalik hujumchi «Bunyodkor» asosiy tarkibida 22-Chempionat 1-turida «So`g`diyona»ga qarshi maydonga tushdi. Tanaffusgacha Pishchur ikkita penaltini muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirdi, ikkinchi taymda esa yana bitta gol urib, Oliy Ligadagi birinchi o`yinidayoq xet-trikni rasmiylashtirdi. Birinchi turda boshqa hech bir futbolchi buncha ko`p gol urmadi, natijada Pishchur uchta gol bilan to`purarlar poygasida peshqadam bo`lib oldi.
To`purarlar:
Aleksandr Pishchur («Bunyodkor») – 3;
Elyor Jahonov («Guliston») – 2;
Zayniddin Tojiev («Lokomotiv») – 2;
Farhod Tojiev («Lokomotiv») – 2.