Amaldagi O`zbekiston chempioni – «Paxtakor» yangi mavsumni g`alaba bilan boshladi.
3 mart kuni 2013 yilgi O`zbekiston Oliy Ligasi 1-turidan o`rin olgan navbatdagi o`yin bo`lib o`tdi. Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionida o`tkazilgan «Paxtakor» va «Navbahor» o`rtasidagi o`yinda omad maydon egalariga kulib boqdi va Murod Ismoilov shogirdlari 2:0 hisobida g`alaba qozonishdi.
O`yindagi har ikkala gol birinchi bo`limda kiritildi. Dastlab, 20-daqiqada hujumchi Igor Sergeev bosh bilan yo`llagan zarbasi bilan hisobni ochgan bo`lsa, 37-daqiqaga kelib jamoaning armanistonlik legioneri Jora Oganesyan jarima zarbasini «Navbahor» darvozasiga aniq yo`llab, «Paxtakor»dagi gollari hisobini rasman ochdi.
2-turda «Paxtakor» G`uzorning «Sho`rtan» klubi mehmoni bo`ladi, o`yin 8 mart kuni o`tkaziladi. «Navbahor» esa o`z uyida chempionlikka asosiy nomzodlardan biri sifatida e`tirof etilayotgan «Lokomotiv»ni qabul qiladi. Ushbu o`yin 9 mart kuni o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Murabbiylarning fikrlari
Murod ISMOILOV, «Paxtakor» bosh murabbiyi: «O`yin boshida xatolar ko`zga tashlandi. Lekin o`zimizni o`yinimizni topib olishga muvaffaq bo`ldik. Natijadan esa to`liq qoniqish hosil qildim. Yana bir necha vaziyatlarni ko`kka sovurdik, bu borada jiddiy ishlashimiz kerak. Ketma-ket o`yin o`tkazish hamisha qiyin. Masalan, bugun Sergeev toliqib qolganligi uchun almashtirdik. Shu bilan birga Hoshimovda ham charchoq sezildi. 5 kunda bitta o`yin o`tkazishga ko`nikishimiz kerak. Asosiy tarkibimiz bitta. Shunga qaramay, Karimovni Xitoy klubiga ijaraga berdik. Nima uchunligi haqidagi savolga esa javob bera olmayman».
Mustafo BAYRAMOV, «Navbahor» bosh murabbiyi: «Bugungi g`alaba bilan «Paxtakor»ni tabriklayman. O`yin boshida bizda ham gol urish imkoniyati bo`ldi. Ayniqsa, Azim Ahmedovning zarbasi xavfli chiqdi. Afsuski, biroz noaniq bo`ldi. Ikkita golni esa juda ham oddiy vaziyatda o`tkazib yubordik. Deyarli teng kechgan uchrashuvda mag`lubiyatga uchradik. Bizda ham bu yil ko`pchilik futbolchilar mahalliy yigitlar. Ammo ularning yoniga tajribali o`yinchilar ham kerak edi. «Paxtakor»da bunday vazifani Maxaradze va Suyunov bajarishadi. Bizda esa Toirov, Romanenko va Koshelev singari futbolchilar bor».
1-turning dastlabki 4ta o`yini 2 mart kuni o`tkazilgan edi. Navbatdagi 2 o`yin 4 mart, dushanba kuni o`tkaziladi. Shu kuni «So`g`diyona» «Bunyodkor» mehmoni bo`lsa, «Lokomotiv» o`z maydonida «Buxoro»ni qabul qiladi.
O`zbekiston Oliy Ligasi-2013, 1-tur uchrashuvi
3 mart, yakshanba
«PAXTAKOR» (Toshkent) – «NAVBAHOR» (Namangan) 2:0 (2:0). 1002 tomoshabin.
HAKAMLAR: M. Ismailov (Toshkent), R. Shoyahmetov (Toshkent), T. Gaynulin (Toshkent), D. Karimov (Toshkent).
NAZORATChI: V. Valitskiy (Toshkent).
GOLLAR: I. Sergeev (20), J. Oganesyan (37).
OGOHLANTIRIShLAR: O. Qilichev (45+1) – A. Sultonov (41), A. Toirov (45), I. Boydedaev (80).
«PAXTAKOR»: Lobanov, Merzlyakov, Kozak, Ismatullaev, Hoshimov, Sharofetdinov, Maxaradze, Qilichev, Andreev (O`runov, 78), Oganesyan (Iskanderov, 69), Sergeev (Abduxoliqov, 57).
«NAVBAHOR»: Romanenko, Toirov, Koshelev (Hamidov, 63), A.Sultonov (Aliev, 46), Ahmedov, Boydadaev, T.Sultonov, Pochuev, G`.Jo`raev, A.Jo`raev (Abdullaev, 46), Mehmonov.
ENG YaXShI O`YINChILAR: I. Sergeev – A. Ahmedov.
Xabar "Paxtakor" matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.