1-turning dastlabki sensatsion natijasi 2 mart kuni Zarafshonda bo`lib o`tgan «Qizilqum» – «Guliston» uchrashuvida qayd etildi.
2 mart kuni Zarafshondagi «Progress» stadionida Zarafshonning «Qizilqum» va Gulistonning «Guliston» jamoalari o`rtasida 2013 yilgi Oliy Liga 1-tur uchrashuvi bo`lib o`tdi. O`yin 2:0 hisobida mehmonlar g`alabasi bilan yakuniga etdi.
Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari uchrashuvning 7-daqiqasidayoq hisobda oldinga chiqib olishdi – «Guliston»ning uzoq tanaffusdan so`ng Oliy Ligada kiritilgan dastlabki goli Elyor Jahonov hisobiga yozildi. Ikkinchi bo`limning 8-daqiqasida esa Elyor Jahonov yana bir marta o`zini ko`rsatib, hisobdagi ustunlikni yanada mustahkamladi. Shunday qilib, 2:0 hisobi o`yin oxirigacha o`zgarmay qoldi.
Ushbu g`alaba, hozircha, «Guliston»ni musobaqa jadvalida birinchi o`ringa olib chiqdi.
«Guliston» 2-turda Samarqandning «Dinamo» jamoasi mehmoni bo`ladi. O`yin 9 mart, shanba kuni o`tkaziladi. «Qizilqum» esa xuddi shu kuni «Olmaliq» uyiga safar qiladi.
O`yindan keyingi fikrlar
Ravshan Haydarov, «Qizilqum» bosh murabbiyi: «Bugun o`yinimiz umuman qovushmadi. Bunga bir qator sabablar bor. Tayyorgarlik jarayonida bizni jamoada shug`ullangan ko`pgina futbolchilar so`nggi kunlarda boshqa jamoalarga o`tib ketishdi. Ularni o`rniga yangi futbolchilar kelib qo`shildi. Hali o`yinimiz shakllanmagani bizga pand berdi. O`yinda ikkita qo`pol xato va ikkita gol o`tkazib yubordik. Bugungi o`yinga maydonga tushgan o`yinchilarning yarmi kecha Yoshlar Birinchiligidagi o`yinda ham maydonga tushishgan majbur bo`lishdi, sababi ro`yxatimizda jami 20 ta futbolchi bor. Ketma-ket ikki kun yuqori saviyada o`ynash oson emas, ko`pgina shogirdlarim o`yin oxirida charchab qolishdi».
Baxtiyor Ashurmatov, «Guliston» bosh murabbiyi: «Bugun har ikkala jamoa yaxshi o`ynadi va qiziqarli o`yin bo`ldi, deb o`ylayman. Bugungi o`yinga juda qattiq tayyorlandik. Debyut uchrashuv bo`lgani uchun katta e`tibor qaratdik. Ko`pgina shogirdlarim Oliy Ligada birinchi marta maydonga tushishdi. O`yin boshida hayajon sezildi. Ammo hayajonni shijoat, to`p uchun oxirigacha kurashish evaziga engib o`tishdi va o`yin teng bo`lishiga qaramay o`zimizga kerakli natijaga erishdik. Men o`yindan oldin yigitlarga xayollaridan keyingi o`yinlarni chiqarib tashlashni tayinladim, bugun «Qizilqum»ga qarshi maydonga tushdikmi, demak bor e`tibor mana shu o`yinga qaratilishi lozim, deb uqtirgan edim».
Oliy Liga-2013, 1-tur uchrashuvi
2 mart, shanba
«QIZILQUM» (Zarafshon) – «GULISTON» (Guliston) 0:2 (0:1)
HAKAMLAR: X. Ro`ziev (Toshkent), R. Ilyosov (Toshkent), M. Saidqosimov (Toshkent), I. Ibrohimov (Nukus).
NAZORATChI: S. Ermatov (Toshkent).
GOL: Elyor Jahonov (7, 54).
OGOHLANTIRIShLAR: Ilya Ilin (65), Alisher Samatov (82).
«QIZILQUM»: 70. Eldor Tojiboev, 2. Timur Yafarov, 7. Andrey Vlasichev, 9. Olim Navkarov (8. Farrux Shotursunov, 46), 10. Feruz Boboqulov, 12. Temur Ayzatulov (6. Farrux Haydarov, 46), 14. Fayzulla Qambarov, 17. Temur Vasilev, 19. Yannis Mandzukas (11. Navro`zbek Olimov, 67), 20. Ilya Ilin, 22. Alisher Samatov.
Zaxira: 1. Erkin Jabborov, 3. Alisher Turdiev, 21. G`ulomhaydar G`ulomov, 41. Aziz G`ulomxo`jaev.
«GULISTON»: 24. Doniyor Usmonov, 2. Ibrohim Rahimov, 3. Akbar Sattaev, 18. Boburjon Akbarov, 23. Sarvarjon Jo`raev, 25. Elyor Jahonov, 7. Robbim Hasanov, 15. Sobir Usmonxo`jaev (17. Alisher Shog`ulomov, 77), 28. Ilyos Xayrov, 9. Xurshid Yo`ldoshev (10. Zafarjon Qoraqulov, 55), 11. Nosir Otaqo`ziev.
Zaxira: 1.Ilhom Jumanov, 4. Jasur Otajonov, 19. Rustam Qodirov, 22. Tohir Shamsiddinov, 27. Konstantin Boev.
Xabar «Qizilqum» matbuot kotibi Nodirxo`ja Yuldashev yordamida tayyorlandi.