2 mart kuni 2013 yilgi O`zbekiston Oliy Ligasi bahslari start oldi. Mavsumning eng birinchi goli «Neftchi» va «Dinamo» jamoalari o`rtasidagi o`yinda qayd etildi.
2 mart kuni Farg`onadagi «Markaziy» stadionda Oliy Liga 1-tur bahslari doirasida mahalliy «Neftchi» jamoasi o`z maydonida Samarqandning «Dinamo» klubini qabul qildi. O`yin 1:0 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo`ldi. Uchrashuvning 28-daqiqasida belgilangan penaltidan aniq foydalangan 2012 yilgi mavsumning eng yaxshi to`purari – Anvar Berdiev «Neftchi»ga yangi mavsumdagi ilk uch ochkoni keltirdi.
Uchrashuvning qolgan daqiqalarida har ikkala jamoada ham darvozalarni ishg`ol etish uchun qator qulay imkoniyatlar yuzaga kelganiga qaramay, 1:0 hisobi o`yin oxirigacha o`zgarmay qoldi.
2-turda «Neftchi» o`z maydonida Bekobodning «Metallurg» jamoasini qabul qilsa, «Dinamo» Samarqandda «Guliston»ni mehmon qiladi. Har ikkala o`yin 9 mart, shanba kuni o`tkaziladi.
O`yindan keyingi fikrlar
Kamo Gazarov, «Dinamo» bosh murabbiyi: «Bugungi g`alaba bilan «Neftchi» jamoasini tabriklayman. «Neftchi» o`yin davomida ko`plab imkoniyatlarni yuzaga keltirdi va ularning biridan unumli foydalanib qoldi. Jamoamiz haqida to`xtaladigan bo`lsam, jamoamiz tarkibiga kelib qo`shilgan futbolchilar hali to`la kirishib keta olishgani yo`q. Navbatdagi o`yinlarda o`zimizni ko`rsatishga harakat qilamiz».
Yuriy Sarkisyan, «Neftchi» bosh murabbiyi: «Jamoamiz har bir uchrashuvda faqat va faqat g`alaba uchun maydonga tushadi va bugungi o`yin ham bundan mustasno bo`lgani yo`q. G`alabani qo`lga kiritdik. Farg`ona aholini yangi mavsum boshlangani va shu mavsumni mana shunday g`alaba bilan boshlaganimiz bilan tabriklayman».
Oliy Liga-2013, 1-tur uchrashuvi
2 mart, shanba
«NEFTChI» (Farg`ona) – «DINAMO» (Samarqand) 1:0 (1:0)
HAKAMLAR: V. Tseytlin (Toshkent), X. Shodmonov (Buxoro), A. Tsapenko (Toshkent viloyati), T.To`xtasinov (Andijon).
NAZORATChI: R. Aytekov (Toshkent).
GOL: Anvar Berdiev (28, penalti).
OGOHLANTIRIShLAR: Iqbol Boboxonov (15), Akmal Bozorov (27), Axrol Risqullaev (60)
«NEFTChI»: Farrux Turdialiev, Iqbol Bobohonov, Shukurali Po`latov, Dilyorbek Ermatov, Sanjar Asqaraliev, Baxtiyor Yoqubov, Iqbol Akramov, Sardor Mirzaev, Mansur Saidov, Otabek Isroilov (Sherzod Hakimov, 73), Anvar Berdiev (Otabek Zokirov, 66).
«DINAMO»: Andrey Melnichuk, Akmal Xolmurodov, Axrol Risqullaev, Maksim Kolyadin (Timur Dadashev, 46), To`lqin Mirzaev (Yunus Suyunov, 76), Nodir Sanoqulov, Vladimir Kilikevich (Azamat Bobojonov, 64), Abdulla Nabiev, Aleksandr Kletskov, Akmal Bozorov.
Farg`ona, «Farg`ona» Markaziy o`yingohi. 12302 tomoshabin.
Xabar «Neftchi» matbuot xizmati xodimi Rustam Abdunabiev yordamida tayyorlandi.