29 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionida Toshkentning «Bunyodkor» va Qarshining «Nasaf» jamoalari o`rtasida 2012 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi bo`lib o`tdi. O`yin 3:0 hisobida Mirjalol Qosimov shogirdlari g`alabasi bilan yakuniga etdi.
2012 yilgi O`zbekiston Kubogi finali «Bunyodkor» uchun tarixdagi beshinchisi bo`ldi. Bungacha jamoa 2007 va 2009 yilgi finallarda «Paxtakor»ga imkoniyatni boy bergan, 2008 va 2010 yilgi finallarda, mos ravishda, «Paxtakor» va «Sho`rtan» mag`lub etgandi.
«Nasaf» esa o`z tarixida uchinchi marta O`zbekiston Kubogi finalida to`p surdi. Jamoa bungacha 2003 va 2011 yilgi mavsumlarda Kubok finaligacha etib kelib, har ikkala safar ham «Paxtakor»dan 1:3 hisobida engilgan edi.
Finaldan avval «Nasaf» ustozi Ro`ziqul Berdiev shogirdlari o`yinga tayyor ekanligini, ishtiyoq kuchliligini aytib o`tgandi.
«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov esa Kubok finali jamoasi uchun mavsumni sovrin bilan yakunlash uchun berilgan so`nggi imkon ekanligini ta`kidlab o`tgandi.
Final bahsini Osiyoning to`rt karra eng yaxshi hakami – Ravshan Ermatov boshqarib bordi. Bu Ermatov faoliyatidagi uchinchi final bo`ldi. Bungacha u 2010 va 2011 yilgi finallarni boshqargan edi.
Qiziqarli kurashlarga boy bo`lgan 2012 yilgi finalda Shavkat Salomov (o`ngda) hisobni ochdi. 2012 yilgi O`zbekiston Kubogining to`purarlaridan biri (4ta gol) uchun bu Kubok final o`yinlarida urilgan birinchi gol bo`ldi. 2007 va 2008 yilgi finallarda Salomov zaxiradan maydonga tushgan, biroq gol urolmagandi.
«Nasaf» birinchi marta O`zbekiston Kubogi final uchrashuvida gol ura olmadi.
«Bunyodkor» hujumchisi Kamoliddin Murzoev (17-raqamda) Akmal Shorahmedovning ajoyib to`p uzatishidan so`ng 2012 yilgi O`zbekiston Kubogi bahslaridagi birinchi va oxirgi golini «Nasaf» darvozasiga urdi. Bu Murzoev uchun faoliyatidagi ikkinchi final bo`ldi – 2006 yili u «Mash`al» safida finalda o`ynagan, biroq gol urolmagan va «Paxtakor»ga 0:2 hisobida mag`lub bo`lgandi.
2012 yilgi O`zbekiston Kubogida «Bunyodkor» ishtirokidagi barcha o`yinlarda maydonga tushgan jamoa sardori – Viktor Karpenko faoliyatidagi to`rtinchi finalda gol urishga muvaffaq bo`ldi.
«Nasaf» ustozi Ro`ziqul Berdiev 2003 yilgi mavsumda o`yinchi sifatida O`zbekiston Kubogi finalida imkoniyatni boy bergandi, oradan 9 mavsum o`tib yosh mutaxassis murabbiy sifatida Kubokni boy berdi.
«Bunyodkor» o`z tarixida uchinchi bor O`zbekiston Kubogi egasiga aylandi.
Futbolchilik faoliyati davomida «Paxtakor» safida uch marta O`zbekiston Kubogini qo`lga kiritgan Mirjalol Qosimov «Bunyodkor» bosh murabbiyi sifatida ikkinchi Kubokni bosh uzra baland ko`tardi.
O`FF Prezidenti Mirabror Usmonov, O`FF 1-vitse prezidenti Sardor Rahmatullaev va O`zPFL direktori Farhod Magametov g`oliblar bilan esdalik uchun suratga tushdi.
Finaldan so`ng: «Bugungi g`alaba bilan muxlislarni tabriklayman. Ular bizdan mavsumni sovrin bilan yakunlashni kutishgandi», - Mirjalol Qosimov, «Bunyodkor» bosh murabbiyi.