O`zbekiston Kubogi final uchrashuvidan so`ng «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov jamoa muxlislarini g`alaba bilan tabriklab, shogirdlariga minnatdorchilik bildirdi.
30 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida «Bunyodkor» va «Nasaf» jamoalari o`rtasida 2012 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi bo`lib o`tdi. O`yin 3:0 hisobida «Bunyodkor» g`alabasi bilan yakuniga etdi; jamoa o`z tarixida uchinchi marta O`zbekiston Kubogi egasiga aylandi.
«O`yinoldi matbuot anjumanida: «Qiziqarli o`yin guvohiga aylanamiz va xatoga yo`l qo`ygan jamoa mag`lubiyatga uchraydi», degandim. Birinchi gol kiritilgan vaziyatda «Nasaf» jamoasi himoyachilari xatoga yo`l qo`yishdi, biz hisobni ochdik, keyin esa qolgan qulay vaziyatlardan ham unumli foydalandik. Bundan tashqari, darvozabonimiz Ignatiy Nesterov ham o`z o`rnida juda yaxshi o`yin ko`rsatdi», - dedi Qosimov.
«Bugungi g`alaba bilan muxlislarni tabriklayman. Ular bizdan mavsumni sovrin bilan yakunlashni kutishgandi. O`z navbatida, jamoamiz futbolchilariga ham minnatdorchilik bildirishni istardim. Yil og`ir o`tdi: chempionlikni boy berdik. Biroq mavsum davomida yomon o`yin ko`rsatmadik, deb o`ylayman», - dedi «Bunyodkor» bosh murabbiyi.
«Yana qaytaraman, yil og`ir kechdi. Bu yil murabbiy sifatida o`sdim desam ham bo`ladi. Avvallari bizning klublarimiz OChLda faqat G`arb mintaqasida ishtirok etardi, bu yil esa «Bunyodkor» Sharqda o`ynadi. Bu esa futbolchilarimiz malakasi oshishiga ham sabab bo`ldi», - dedi Qosimov.
«Bu yilgi mavsum boshidan oxiriga qadar qiziqarli o`tdi, deyishim mumkin. Chempion kim bo`ladi, kim Oliy Ligani tark etadi – bu kabi savollar mavsum oxirigacha ochiq qoldi. Kashfiyot futbolchilaga kelsak, Shohruh Gadoevni mavsum kashfiyoti deb aytish mumkin. Oliy Liga o`yinlarida zaxiradan maydonga tushib yurganiga qaramasdan, JCh-2014 saralashidagi Janubiy Koreyaga qarshi o`yinda oyog`i titramadi», - dedi Qosimov.
«U mavsumni barqaror o`tkazdi. Shuningdek, Igor Sergeev, Jamshid Iskandarov kabi futbolchilar ham yomon o`yin ko`rsatishmadi. Umuman, yosh futbolchilar o`z ustlarida ishlashdan to`xtashmasa, ular o`sib, yaxshi futbolchi bo`lib etishishadi. Futbolchi qanday yoshda bo`lishidan qat`iy nazar o`z ustida ishlashda davom etishi kerak», - dedi «Bunyodkor» bosh murabbiyi.
«Bugungi o`yindan so`ng jamoamiz uch haftalik ta`tilga chiqadi. Mavsum juda ham uzoq davom etdi, shuning uchun ham, etarlicha dam olganimizdan so`ng, yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlaydi. Vaqt tig`iz. Yangi mavsum arafasida esa, albatta, tarkib kuchaytiriladi», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi.