30 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionida 2012 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi bo`lib o`tdi. «Bunyodkor» va «Nasaf» o`rtasidagi o`yinda toshkentlik futbolchilar 3:0 hisobida g`alaba qozonishdi.
2012 yilgi O`zbekiston Kubogi finali «Bunyodkor» uchun tarixdagi beshinchi, «Nasaf» uchun esa uchinchi final edi. «Bunyodkor» bungacha ikki marta – 2008 va 2010 yilgi mavsumlarda Kubok bahslarida g`olib chiqqan bo`lsa, Qashqadaryo klubi 2003 va 2011 yillarda Kubok finaliga qadar etib kelgan, biroq har ikkala safar ham Toshkentning «Paxtakor» klubiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi.
Bu yilgi Kubok finali, 2012 yilgi mavsumni Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi o`yinlari bilan boshlagan har ikkala jamoa uchun ham muhim ahamiyatga ega edi. OFK Ijroqo`mi 2013 yilgi Osiyo Chempionlar ligasida O`zbekistonga 2+1 ko`rinishida o`rin ajratgani sabab, O`zbekiston Kubogi final o`yini ahamiyati yanada oshib ketdi. Agar o`yin «Bunyodkor»ning g`alabasi bilan yakuniga etsa, Mirjalol Qosimov shogirdlari kelasi yil Chempionlar ligasini to`g`ridan-to`g`ri guruh bosqichidan boshlash imkoniga ega bo`lishardi. Agar o`yin «Nasaf»ning g`alabasi bilan yakuniga etsa, jamoa OChL-2013 guruh bosqichi yo`llanmasini ham qo`lga kiritar, «Bunyodkor» esa OChLning pley-off bahslarida guruh bosqichi yo`llanmasi uchun kurash olib borishi kerak bo`lardi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Kubogi finali 2011 yilni kamida bitta sovrin bilan yakunlagan har ikki jamoa uchun 2012 yilgi mavsumda biror bir sovrinni qo`lga kiritish uchun so`nggi imkoniyat edi. Bir yil avval «Bunyodkor» O`zbekiston chempionati bahslarida g`olib chiqqan bo`lsa, «Nasaf» OFK Kubogida g`olib chiqib, Osiyo miqyosida chempionlikni qo`lga kiritgan O`zbekistonning ilk klubiga aylangan edi.
2012 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi «Nasaf»ning hujumlari, jamoa futbolchilari – Kenja To`raev, Shohruh Gadoev va Fozil Musaevning xavfli zarbalari bilan boshlanganiga qaramay, «Bunyodkor»ning yirik hisobli g`alabasi bilan yakuniga etdi. O`yinning 13-daqiqasida «Nasaf» himoyachisi Shavkat Raimqulov o`z jarima maydonchasi ichida to`pni «Bunyodkor» hujumchisi Shavkat Salomovga oldirib qo`yishi va o`z darvozaboni – Murod Zuhurovni qiyin ahvolga solib qo`yishi natijasida, hisob ochildi.
Birinchi bo`lim yakuniga etgunicha esa «Bunyodkor» o`yin g`olibi masalasini amalda hal qilib qo`ydi. 35-daqiqada Akmal Shorahmedovning o`ng qanotdan uzatgan zargarona to`p uzatishidan so`ng Kamoliddin Murzoev bosh bilan «Nasaf» darvozasini aniq nishonga olgan bo`lsa, birinchi bo`lim yakunlanishi arafasida «Bunyodkor» sardori Viktor Karpenko jamoadoshi, uchrashuvning eng faol o`yinchilaridan biri bo`lgan Shavkat Salomovning jarima zarbasidan uzatgan pasidan so`ng hisobni yirik ko`rinishga keltirdi.
Ikkinchi bo`lim «Nasaf» tashabbusi ostida o`tdi. Baxtga qarshi, Ro`ziqul Berdiev qator xavfli hujumlar, kuchli zarbalarni yo`llaganliklariga qaramay, o`yinda burilish yasay olishmadi. Aksariyat vaziyatlarda qashqadaryolik futbolchilar yakuniy zarbani berishda aniqlik va tezkorlik etishmagan bo`lsa, kamida 3ta vaziyatda «Bunyodkor» darvozaboni Ignatiy Nesterov o`z mahoratini ko`rsatishga majbur bo`ldi.
Shunday qilib, O`zbekistondagi 2012 yilgi futbol mavsumiga rasman yakun yasab bergan O`zbekiston Kubogi finalida «Bunyodkor» g`alaba qozonib, o`z tarixida uchinchi marta O`zbekiston Kubogini qo`lga kiritdi.
O`zbekiston Kubogi-2012. Final uchrashuvi
30 noyabr, juma
«BUNYoDKOR» (Toshkent) – «NASAF» (Qarshi) 3:0 (3:0)
GOLLAR: Shavkat Salomov (18), Kamoliddin Murzoev (35), Viktor Karpenko (44).
OGOHLANTIRIShLAR: Artyom Filiposyan (13), Lutfulla To`raev (25), Dilshod Jo`raev (88) – Fozil Musaev (19), Ilhom Yunusov (48).
«BUNYoDKOR»: Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov, Xayrulla Karimov, Anvar G`ofurov, Javlon Ibrohimov (Dilshod Jo`raev, 69), Shavkat Salomov, Lutfulla To`raev, Artyom Filiposyan, Kamoliddin Murzoev (Anvarjon Soliev, 77), Jasur Hasanov, Viktor Karpenko (Alibobo Rahmatullaev, 71).
«NASAF»: Murodjon Zuhurov, Shavkat Raimqulov (Aleksandar Petrovich, 46), Maqsud Karimov, Botir Qoraev, Kenja To`raev, Artur Gevorkyan, Ivan Boshkovich (Sanjar Baratov, 80), Fozil Musaev, Shohruh Gadoev, Mirzakamol Kamolov (Farrux Sayfiev, 58), Ilhom Yunusov.
HAKAMLAR: Ravshan Ermatov, Ma`mur Saidqosimov, Jahongir Saidov, Shuhrat Po`latov (barchasi – Toshkentdan).
Toshkent, «Paxtakor» stadioni. 5270 tomoshabin.