Toshkentning «Bunyodkor» klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning fikricha, ishqibozlarni qiziqarli Kubok finali o`yini kutib turibdi.
29 noyabr kuni O`FF anjumanlar zalida O`zbekiston Kubogi final o`yini oldidan matbuot anjumani o`tkazildi. Matbuot anjumanining birinchi qismida «Nasaf» vakillari ishtirok etgan bo`lsa, ikkinchi qismida «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va jamoa sardori, yarim himoyachi Viktor Karpenko jurnalistlarning savollariga javob berdi.
«Ertaga ishqibozlarni juda qiziqarli o`yin kutib turibdi. Chunki, g`olib nafaqat O`zbekiston Kubogini, shu bilan birga Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga to`g`ridan-to`g`ri yo`llanmani ham qo`lga kiritadi. Jamoamiz, o`z aybi bilan, chempionatning so`nggi qismini sust o`tkazdi va chempionlikni boy berdi, shuning uchun ham, mavsumni sovrin bilan yakunlash uchun jiddiy tayyorgarlik ko`ryapmiz. Final bitta o`yindan iborat, unda iloji boricha xato qilmaslik kerak, xato qilgan jamoa esa, menimcha, mag`lubiyatga uchraydi. Kubokni Toshkentda olib qolishga qo`limizdan kelganicha harakat qilamiz», - dedi Mirjalol Qosimov.
«Himoyachi Sahob Jo`raev jarohat olib, hozircha shug`ullanayotgani yo`q. Tarkibimizda shundan boshqa yo`qotish yo`q, qolgan barcha o`yinlarga final o`yiniga tayyor. «Nasaf» haqida to`xtaladigan bo`lsam, bu – yaxshi jamoa. Har biri chizig`ida saviyali futbolchilar yig`ilgan va ularning qaysidir birini alohida ajratib ko`rsatmagan bo`lardim. Agar o`yin qo`shimcha vaqt va penaltilarga qadar davom etadigan bo`lsa, nafaqat biz, balki «Nasaf» ham charchaydi, chunki 90 daqiqa davomida ular qarab turishmaydi-ku», - dedi «Bunyodkor» bosh murabbiyi.
O`zbekiston Kubogi final o`yini O`zbekistondagi futbol mavsumini rasman yakunlab beradi. Mamlakat chempionati o`yinlari 21 noyabr kuni yakuniga etgan bo`lib, «Bunyodkor» va «Nasaf»dan boshqa barcha klublar ta`tilga chiqqan. Yana bir jihati, 30 noyabr kuni «Paxtakor» stadionida bo`ladigan o`yin nisbatan noqulay ob-havo sharoiti ostida o`tishi mumkin.
«Yo`lda kelarkanman, shu narsani o`ylab keldim. Chempionat tugab bo`ldi, chempionat tugaganidan keyin esa, xohlaysanmi-yo`qmi, futbolchilar tezroq ta`tilga chiqish haqida, «jomadon kayfiyati»ga tushib qoladi. Shu sabab, Kubokning hal qiluvchi o`yinlari yilning may oyida o`tkazilsa, yaxshi bo`lardi, deb o`ylayman», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» ustozi.
Jamoa sardor Viktor Karpenko bo`lajak final haqida to`xtalarkan, Kubok jamoasi uchun mavsumdagi so`nggi imkoniyat ekanligini qayd etib o`tdi.
«Bizni qiziqarli final kutib turibdi, deb o`ylayman. Raqib bizni mag`lubiyatga uchratishga harakat qilishi turgan gap. Bu yil, xuddi, hamma sovrinlarni qo`lga kiritishga yaqin turgandik, lekin aynan hozir Kubok biz uchun mavsumni sovrin bilan yakunlash uchun so`nggi imkoniyat bo`lib turibdi. Shunday ekan, g`alaba qozonishga harakat qilamiz», - dedi Karpenko.