Qarshining «Nasaf» klubi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Ro`ziqul Berdievning so`zlariga ko`ra, uning qo`l ostidagi jamoa «Bunyodkor»ga qarshi O`zbekiston Kubogi final o`yiniga tayyor.
29 noyabr kuni O`FF anjumanlar zalida O`zbekiston Kubogi final o`yini oldidan matbuot anjumani o`tkazildi. Matbuot anjumanining birinchi qismida «Nasaf» klubi vakillari – jamoa bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Ro`ziqul Berdiev va jamoa yarim himoyachisi Fozil Musaev ishtirok etdi.
«Barchamizga ayonki, «Nasaf» va «Bunyodkor» jamoalari har doim o`z oldiga yuqori maqsadlarni qo`yib kelgan. Ushbu mavsum «Nasaf» chempionatni 4-o`rinda yakunladi, bu esa bizni ham, jamoa ishqibozlarini ham qoniqtirgani yo`q. Shuning uchun ham, bo`lajak final o`yinida o`zimizning eng yaxshi o`yinimizni ko`rsatib, muvaffaqiyatga erishishga harakat qilamiz», - dedi «Nasaf» ustozi.
Ro`ziqul Berdievning ta`kidlashicha, asosiy tarkibning etti nafar o`yinchisi jarohat olib, Oliy Liga bahslarining so`nggi turlarida jamoaga yordam bera olmadi. Biroq ayni vaqtda ulardan uch nafari asosiy tarkib bilan birga «Bunyodkor»ga qarshi final o`yiniga tayyorgarlik ko`rmoqda. Ular orasida Vladimir Shishelov va Artur Gevorkyan ham bor.
«Jamoamiz bunday o`yinlarda ilk bor ishtirok etayotgani yo`q. O`tgan yili ham Kubok finalida to`p surganmiz, biroq himoyadagi juda qo`pol xatolar evaziga «Paxtakor»ga imkoniyatni boy bergandik. Biz o`sha xatolardan to`g`ri xulosa chiqarganmiz, tahlil qilib chiqqanmiz. «Bunyodkor» bilan esa ushbu mavsum davomida ikki marta maydonga tushib, 0:0 hisobida durang o`ynadik. «Bunyodkor» mamlakatimizning etakchi jamoalaridan biri, uning har bir chizig`ida kuchli ijrochilar bor. Masalan, «Paxtakor»ga qarshi Kubok yarim finali o`yinida o`yin taqdirini hal qilgan Shavkat Salomov, shuningdek, jamoa sardori Viktor Karpenko, hujumchi Kamoliddin Murzoevga alohida e`tibor qaratamiz. Darvozabon Ignatiy Nesterovning o`zi esa yarim jamoa. Biroq, «Bunyodkor»ning salohiyati bizga bosim o`tkazayotgani yo`q, yigitlarimiz o`yinga tayyor. Biz o`z o`yinimizni ko`rsatib, Kubokni qo`lga kiritishga harakat qilamiz», - dedi Ro`ziqul Berdiev.
«Agar final o`yini penaltilar seriyasiga etib boradigan bo`lsa, men bundan juda ham xursand bo`lardim, chunki bu holda juda ham yaxshi o`yinga guvoh bo`lamiz. Mavsum boshida jamoa oldiga katta vazifalar qo`yilgandi, biroq chempionatning oxirgi o`yinlarida ko`p mag`lubiyatga uchradik, bu esa ruhiyatga salbiy ta`sir o`tkazmay qoldi. Bu vaziyatdan chiqib ketish uchun har bir futbolchi bilan alohida suhbatlashib chiqdik. Vaziyat yaxshi tomonga o`zgarganini esa chempionatning so`nggi o`yinlari ko`rsatib berdi. Yigitlarda shijoat, xohish oshgan», - deya qo`shimcha qildi «Nasaf» bosh murabbiyi.
«Nasaf» yarim himoyachisi Fozil Musaev ham jamoadoshlari final o`yiniga ko`tarinki kayfiyatda tayyorgarlik ko`rishayotganini ma`lum qildi.
«Nasaf» bilan shartnomam 2012 yilning 31 dekabriga qadar amal qiladi. Takliflar bor, to`g`risi, aynan qaysi jamoalardan taklif tushganini o`zim ham bilmayman, biroq hozircha boshqa jamoaga o`tish haqida o`ylayotganim yo`q. Final oldidan «Nasaf»dagi ichki muhit haqida to`xtaladigan bo`lsam, barcha futbolchilar faqat g`alaba haqida o`ylashyapti. Biz nafaqat Kubok, balki Chempionlar Ligasi yo`llanmasini ham qo`lga kiritish uchun maydonga chiqamiz», - dedi Fozil Musaev.
Eslatib o`tamiz, 2012 yilgi O`zbekiston Kubogi final uchrashuvi 30 noyabr kuni bo`lib o`tadi. «Paxtakor» stadionida o`tkaziladigan o`yin Toshkent vaqti bilan 15:00da boshlanadi. O`yinni Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi.