OChL. «Bunyodkor» safarda durangga erishdi

19.09.2012

OChL. «Bunyodkor» safarda durangga erishdi

OFK Chempionlar Ligasida chorak final o`yinlari start oldi. «Bunyodkor» safarda Avstraliyaning «Adelaida Yunayted» klubi mehmon bo`ldi.

O`yin «Bunyodkor» uchun juda muvaffaqiyatsiz boshlandi. Uchrashuvning 7-daqiqasidayoq Ian Remzi hisobni ochishga muvaffaq bo`ldi. Bu vaziyatda mezbon jamoa etakchilaridan biri Dario Vidoshich jamoadoshiga to`pni aniq etkazib bergandi. Oradan 10 daqiqa o`tar-o`tmas hisobdagi farq yana bittaga oshdi. Navbatdagi burchak to`pidan so`ng «Bunyodkor» darvozaboni Ignatiy Nesterov to`pga chiqishga kech qoldi, o`z navbatida O`zbekiston klubi himoyachilari Evan Kostopulosni yopishga kech qolishdi. Hujumchining dastlabki zarbasini Viktor Karpenko darvoza chizig`idan qaytargan bo`lsa, ikkinchi zarba yo`liga hech kim g`ov bo`la olmadi – 2:0.

42-daqiqada o`yinning borishini o`zgartirib yuborgan holat sodir bo`ldi. «Bunyodkor» hujumchisi Kamoliddin Murzoev raqib darvozaboni bilan birga-bir holatga chiqib ketgan vaqtda, Nayjel Bugard so`nggi chorani qo`llab, o`zbekistonlik futbolchini to`xtatib qoldi. Uchrashuv bosh hakami Abdulloh al-Hiloliy avstraliyalik futbolchini maydondan chetlatib, «Adelaida» darvozasi tomon jarima to`pi belgiladi. Jarima to`pini esa Jasur Hasanov a`lo darajada bajarib, hisobni qisqartirdi.

Ikkinchi bo`limda maydonda bir kishi ko`p bo`lib harakat qilgan «Bunyodkor» hisobni nafaqat tenglashtirish, balki uni oshirish uchun qator imkoniyatlarga ega bo`lganiga qaramay, ularning faqat bittasidan foydalana oldi, xolos. Uchrashuvning 66-daqiqasida Yan Kozak o`rniga maydonga tushgan Shavkat Salomov 75-daqiqada hisobni tenglashtiruvchi gol muallifiga aylandi. Anvar G`ofurovning to`p uzatishidan so`ng, to`p raqibning uch himoyachisidan o`tib, Shavkat Salomovga kelib tushdi. «Bunyodkor» yarim himoyachisi esa vaziyatdan unumli foydalanib, uchrashuvdagi so`nggi, birinchi o`yindagi muhim gol muallifiga aylandi.

2:2 hisobi javob o`yini oldidan «Bunyodkor»ning yarim finalga chiqish imkoniyatlarini ancha oshiradi. Javob uchrashuvi 3 oktyabr kuni Toshkentda, «Jar» stadionida bo`lib o`tadi.

Qayd etish joiz, «Bunyodkor» OChL guruh bosqichida ham «Adelaida»ga qarshi o`yinlar o`tkazgan bo`lib, safar o`yinida 0:0 hisobida durang o`ynagan, biroq Toshkentdagi bahsda 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi.

OChL-2012, chorak final, dastlabki uchrashuv
19 sentyabr, chorshanba
«ADELAIDA YuNAYTED» (Avstraliya) – «BUNYoDKOR» (O`zbekiston) 2:2 (2:1)
GOLLAR:
Ian Remzi (7), Evan Kostopulos (18) – Jasur Hasanov (44), Shavkat Salomov (75).
ChETLATISh: Nayjel Bugard (42).

cola
apex
mib
mib
mib
mib