Oliy Liga. «Paxtakor» 2-o`ringa ko`tarildi

03.09.2012

Oliy Liga. «Paxtakor» 2-o`ringa ko`tarildi

Oliy Liga 18-tur uchrashuvlari start oldi.

3 sentyabr kuni Oliy Liga 18-turidan o`rin olgan to`rtta uchrashuv bo`lib o`tdi. O`yinlarning har biri tomonlardan birining g`alabasi bilan yakuniga etdi. Musobaqaning barcha etakchilari – «Bunyodkor», «Nasaf» va «Paxtakor» klublari o`z uchrashuvlari aynan 3 sentyabr kuni o`tkazishdi va navbatdagi muvaffaqiyatli natijalarni qo`lga kiritishdi.

Musobaqa peshqadami – Toshkentning «Bunyodkor» Samarqandning «Dinamo» jamoasi ustidan irodali g`alabaga erishdi. Uchrashuvda hisobni ochish bo`yicha salkam 100 foizlik imkoniyat dastlab maydon egalarida bo`lgandi, biroq «Bunyodkor» himoyachisi Xayrulla Karimov samarqandliklar darvozasi tomon belgilangan penaltidan unumli foydalana olmadi. Oradan 7 daqiqa o`tib Nesterov darvozasiga belgilangan 11 metrlik jarima zarbasini «Dinamo» hujumchisi Ro`zim Ahmedov golga aylantirdi.

Mirjalol Qosimov shogirdlari faqat ikkinchi bo`limda hisobdagi muvozanatni o`z tomonlariga og`dirishga muvaffaq bo`lishdi. 53 hamda 57-daqiqalarda mos ravishda Jasur Hasanov hamda Anvarjon Soliev tomonidan urilgan gollar «Bunyodkor»ga navbatdagi uch ochkoni taqdim etdi. Qayd etish joiz, «Bunyodkor» sermahsullik borasida G`uzorning «Sho`rtan» jamoasiga tenglashib oldi – 29ta gol. O`z navbatida, qashqadaryoliklar, 18ta o`yin o`tkazib ulgurgan «Bunyodkor»dan farqli ravishda, shuncha golni 17ta o`yinda urishga muvaffaq bo`lishgan.

Amaldagi vitse-chempion – «Nasaf» hamda 2011 yilgi bronza egasi «Paxtakor» ham, 18-turda safarda to`p surganlariga qaramay, navbatdagi uch ochkolarni qo`lga kiritishdi. «Nasaf»dan farqli ravishda, «Paxtakor» yirik hisobda g`alaba qozongani uchun, to`plar nisbatidagi ijobiy farq evaziga, musobaqa jadvalida ikkinchi o`ringa ko`tarilib oldi: «Nasaf» o`z darvozasidan birinchi bo`lib to`p olib chiqqaniga qaramay, Artur Gevorkyanning dubli evaziga «Navbahor»ni 2:1 hisobida mag`lub etgan bo`lsa, «Paxtakor» paxtakorchilarning sobiq bosh murabbiyi – Ravshan Haydarov ustozlik qilayotgan «Qizilqum» mehmoni bo`lib, 4:0 hisobida muvaffaqiyatga erishdi.

Muborakning «Mash`al» hamda Andijonning «Andijon» jamoalari o`rtasidagi o`yin natijasi ham musobaqa jadvalida jamoalarning joylashuviga ta`sir ko`rsatdi. Mirzohid G`ofurovning yagona goli evaziga g`alaba qozongan «Mash`al» ochkolari sonini 16taga etkazgani holda, 13-o`ringa ko`tarildi. Azamat Abduraimov qo`l ostida ikkinchi uchrashuvni o`tkazgan «Andijon» esa so`nggi o`ringa tushib ketdi.

Turning navbatdagi o`yinlari 4 sentyabr kuni bo`lib o`tadi. Shu kuni «Buxoro» Toshkentda «Lokomotiv» mehmoni bo`lsa, «Metallurg» o`z maydonida Toshkent viloyatining boshqa bir jamoasi – «Olmaliq»ni qabul qiladi. Musobaqa etakchilarini izma-iz ta`qib qilib borayotgan «Sho`rtan» esa «Neftchi» bilan bahs olib boradi.

Oliy Liga, 18-tur uchrashuvlari
3 sentyabr, dushanba
«Bunyodkor» (Toshkent) – «Dinamo» (Samarqand) – 2:1. 521 tomoshabin.
Hakamlar:
V. Najafaliev (Toshkent), R. Shoyahmetov (Toshkent), O. Dachev (Toshkent), R. Tolibjonov (Farg`ona).
Nazoratchi: G. Imomov (Toshkent).
Gollar: J. Hasanov (53), A. Soliev (57) – R. Ahmedov (40, penalti).
33-daqiqada X. Karimov («Bunyodkor») penaltidan foydalana olmadi.
Ogohlantirishlar: S. Jorjevich (39) – V. Pochuev (32), S. Mamadaliev (45+1), A. Melnichuk (58).
Eng yaxshi o`yinchilar: I. Nesterov – R. Ahmedov.

«Navbahor» (Namangan) – «Nasaf» (Qarshi) – 1:2. 2101 tomoshabin.
Hakamlar:
B. Namozov (Toshkent), M. Sharipov (Buxoro), A. Qo`ldoshev (Buxoro), Sh. Hakimov (Andijon).
Nazoratchi: R. Ishmurzin (Toshkent).
Gollar: A. Sultonov (20) – A. Gevorkyan (34, penalti, 74).
Ogohlantirishlar: A. Sultonov (17), D. Romanenko (33), K. Muhammajonov (70) – I. Yunusov (43).
Chetlatish: D. Romanenko (45+1).
Eng yaxshi o`yinchilar: J. Mehmonov – A. Gevorkyan.

«Qizilqum» (Zarafshon) – «Paxtakor» (Toshkent) – 0:4. 1201 tomoshabin.
Hakamlar:
A. Asimov (Toshkent), A. Mironov (Toshkent), V. Lushin (Guliston), T. Galeev (Urganch).
Nazoratchi: A. Arutyunov (Toshkent).
Gollar: E. Krimets (13, 20), Akmal Xoliqov (61, avtogol), S. Andreev (90+2).
Ogohlantirishlar: A. Samatov (19), Sh. Jo`raev (28), I. Ilin (55) – T. Jo`raev (31), E. Krimets (71).
Eng yaxshi o`yinchilar: A. Vlasichev – S. Andreev.

«Mash`al» (Muborak) – «Andijon» (Andijon) – 1:0. 1358 tomoshabin.
Hakamlar:
B. Tog`aev (Toshkent), A. Rasulov (Toshkent), J. Saidov (Toshkent), A. Choriev (Termiz).
Nazoratchi: R. Serazetdinov (Toshkent).
Gol: M. G`ofurov (58).
Ogohlantirishlar: I. Fomichev (51), I. Petkovich (53), Ya. Manzukas (74) – A. G`ulomxo`jaev (30), R. Rahmonov (53), B. G`oziev (81).
Eng yaxshi o`yinchilar: P. Solomin – I. Otaxonov.

cola
apex
mib
mib
mib
mib