Vladimir Fomichyov davolanishga ketdi

29.08.2012

Vladimir Fomichyov davolanishga ketdi

Muborakning «Mash`al» klubi bosh murabbiyi Vladimir Fomichyov salomatligi yomonlashgan. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.

«26 avgust kuni bo`lib o`tgan «Mash`al» - «Lokomotiv» bahsida muborakliklar o`z uylarida yutqazib qo`yishganidan so`ng klub bosh murabbiyi Vladimir Fomichev o`zini yomon his qila boshladi. Natijada o`sha kuni kechqurun soat 23:00da shifokorga ko`rinishiga to`g`ri keldi. Jamoa shifokori Alisher Abdurahmonov Fomichevni tekshirib, bunday holatda ishlab bo`lmasligini va zudlik bilan qat`iy rejim asosida davolanishi kerakligini aytdi», - deb yoziladi «Mash`al» rasmiy sayti xabarida.

«Ertasi kuni kechki payt yoshlarimiz mashg`ulot o`tkazishlari kerak edi, biroq Fomichevning tobi qochganligi tufayli mashg`ulot bekor qilindi. 28 avgust kuni esa bosh murabbiyimiz o`zini biroz tetik his qildi, biroq baribir davolanmasa bo`lmasligini bilgach, uyiga ketishni lozim topdi. Natijada kecha kechki mahal Vladimir Fomichev Muborakdan poytaxt tomon yo`l oldi. Bizga ma`lum bo`lishicha, muborakliklar ustozi bundan buyon vaqtini sog`ligini tiklashga qaratmoqchi. Qozog`istonlik murabbiy ketishidan oldin klub matbuot kotibiga yuragi bezovta qilayotganini bildirdi va davolanishi kerakligini aytdi», - deyiladi xabarda.

Fomichyov vaqtincha jamoada ishlamayotgani tufayli endilikda futbolchilarni uning yordamchisi Aleksandr Xomyakov shug`ullantirib turadi. 3 sentyabr kuni Oliy Liga 18-tur o`yinlari doirasida «Andijon»ga qarshi o`yinni Xomyakov tayyorlaydi.

Ma`lumot o`rnida, 2012 yilning iyul oyida «yuz bergan ketma-ket mag`lubiyatlar tufayli ruhiy tushkunlikka tushib qolgan hamda biroz davolanishi kerakligini aytib» Fomichyov vaqtincha dam olishga chiqqandi.

cola
apex
mib
mib
mib
mib