«Andijon» klubi jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Averyanovni iste`foga chiqardi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
«Andijon» klubi rasmiy sayti xabariga ko`ra, rossiyalik murabbiyning iste`fosiga jamoaning Oliy Liga 16-tur o`yinlarida «Sho`rtan»ga imkoniyatni boy bergani sabab bo`lgan. Averyanov o`rnida kim ishlashi haqida ma`lumot berilmagan.
Mavsumni Averyanov qo`l ostida boshlagan «Andijon» ayni vaqtda Oliy Liga jadvalida eng so`nggi – 14-o`rinni egallab turibdi. Jamoa shu kungacha o`tkazilgan 16 o`yinning faqat uchtasida g`alaba qozongan, yana shuncha o`yinda durang o`ynagan.
Ma`lumot o`rnida, Averyanov mavsum davomida iste`foga chiqarilgan to`rtinchi xorijlik murabbiy bo`ldi. Bungacha «Lokomotiv»ning armanistonlik ustozi, Xoren Oganesyan shartnomasi muddati yakuniga etgani sabab yurtiga qaytib ketgan bo`lsa, serbiyalik mutaxassis Deyan Jurjevich «Paxtakor» bilan o`zaro kelishgan holda shartnomasini bekor qilgandi. G`uzorning «Sho`rtan» klubi esa qator qoniqarsiz natijalardan so`ng belaruslik Igor Kriushenkoni iyul oyida iste`foga chiqargandi.