9 avgust kuni O`FF majlislar zalida jurnalistlar ishtirokida OFK Maxsus taftish komissiyasining O`zbekistondagi ishi yakunlariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
OFK Maxsus taftish komissiyasi 2-9 avgust kunlari O`zbekiston Oliy Ligasi klublarining OFK Chempionlar Ligasining yangi talablariga muvofiqligini tekshirib chiqdi. Tekshiruv yakunlari va xulosalariga bag`ishlangan matbuot anjumanida O`zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Farhod Magametov, OFK Musobaqalar qo`mitasi boshlig`i Styuart Maykl Ramalingam va OFK matbuot kotibi Li Syonghun ishtirok etdi.
«Umumiy qilib aytadigan bo`lsak, tashrifimiz yaxshi o`tdi. O`FF va O`zPFL o`zining mehmondo`stligi va amaliy yordami bilan og`ir tashrifimizni oson qildi. Bu yilgi safar o`tgan yilgi tashrifimizning mantiqiy davomi bo`ldi. O`tgan yili oltita klub tekshiruvdan o`tkazilgan bo`lsa, bu yil Liganing 12 jamoasi faoliyatini ko`rib chiqdik», - dedi Ramalingam.
«Biz so`nggi uch yildan beri OFK taftish komissiyasini qabul qilib kelyapmiz. OFK Chempionlar Ligasi kriteriyalari har yili o`zgarib kelmoqda, shu asosda musobaqada keyingi 2-3 yil davomida ishtirok etadigan jamoalar soni aniqlanmoqda. 2012 yilda O`zbekistondan to`rtta jamoa OFK Chempionlar Ligasida ishtirok etdi. Ulardan bittasi pley-off bosqichida qatnashgan bo`lsa, uchtasi asosiy guruh bosqichida o`ynadi. Biz mana shu yo`llanmalarni keyingi ikki yil uchun saqlab qolinishi uchun harakat qildik», - dedi O`zPFL bosh direktori Farhod Magametov.
Ramalingam O`zbekiston hukumatining futbolga katta e`tibor ko`rsatayotganini katta ijobiy jihatlardan biri sifatida baholab, «islohotlar faqat qog`ozda emas, biz ko`rgan stadionlar va infratuzilmalar misolida amalga oshirilgani so`zimiz dalili bo`la oladi» deya qo`shimcha qildi. Yana bir ijobiy jihat sifatida, klublar qoshidagi bolalar futboliga katta sarmoya kiritilayotgani ham ko`rsatildi.
Tekshiruv davomida Oliy Liganing 12 klubi faoliyati ko`rib chiqildi, «Bunyodkor» va «Paxtakor» klublari esa bu yilgi tekshiruvda ishtirok etmadi. OFK taftish komissiyasi vakillarining so`zlariga ko`ra, tekshiruvdan o`tgan klublar orasida eng rivojlanish yuqori bo`lgan «Nasaf» bo`lgan. «U erda hammasi fantastik darajada. Muammo yo`q. Klubning stadioni ham «A» klassga oid», - dedi Ramalingam.
«Umuman, ayni vaqtda O`zbekistonda 2-3ta «A» klassdagi, shuningdek, «A» klassga da`vogarlik qilayotgan yana 2-3 ta stadion bor. Misol uchun, «Lokomotiv» va «Buxoro» klublarining stadionlarida kichik kamchiliklar aniqlandi, agar ular bartaraf etilsa, bu stadionlarni bemalol «A» klassga kiritish mumkin», - dedi Ramalingam. Qayd etish joiz, stadionlarning «A» yoki «B» klassga oid bo`lishi uning professionalligini belgilamaydi.
Matbuot anjumanida O`zbekistondagi litsenziyalashtirish jarayoniga ham baho berildi. «Bu narsa maxsus, xo`jako`rsinga bo`lmasligi kerak, aksincha, buni klublarning rahbarlari ham tushunishlari kerak. Ta`kidlashimiz kerakki, litsenziyalashtirish bo`yicha O`zbekiston o`tgan yilgidan ko`ra yaxshiroq ko`rsatkich qayd etgan, biroq shuning o`zi OFK Chempionlar Ligasi yo`llanmalari sonini 3+1 ko`rinishida saqlab qolish uchun etarli bo`lmasligi mumkin. Chunki yangi mavsumda musobaqada ishtirok etuvchi davlatlar soni 11tadan 13-14tagacha ko`payishi kutilmoqda, raqobat juda kuchli bo`ladi», - deya so`zini yakunladi OFK vakili.
Eslatib o`tamiz, OFKning ushbu taftish komissiyasi xulosasiga ko`ra, 2013 yilda Osiyo Chempionlar Ligasida O`zbekistondan qatnashadigan klublar soni aniqlanadi.