O`zbekiston Kubogi nimchorak va chorak final bosqichi doirasida o`yinlar bo`lib o`tdi.
9 iyul, dushanba kuni Farg`onada «Neftchi» hamda «Lokomotiv» jamoalari o`rtasida O`zbekiston Kubogi nimchorak final javob o`yini bo`lib o`tgan bo`lsa, Toshkentdagi «Jar» stadionida O`zbekiston Kubogi chorak final dastlabki o`yinlari doirasida «Bunyodkor» «Mash`al»ni qabul qildi.
Farg`onada bo`lib o`tgan o`yindan so`ng O`zbekiston Kubogi chorak final bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritgan so`nggi jamoa nomi ma`lum bo`ldi. Javob o`yinida «Neftchi»ga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berganiga qaramay, o`z maydonida farg`onaliklarni 2:1 hisobida mag`lubiyatga uchratgani sabab, «Lokomotiv» chorak finalda «Buxoro»ga qarshi bahs olib boradigan bo`ldi.
Uchrashuvning 75-daqiqasida Sadriddin Abdullaev tomonidan urilgan gol «Lokomotiv»ni keyingi bosqichga olib chiqdi. Bungacha «Neftchi» o`zini qoniqtiradigan – 3:1 hisobida g`alaba qozonayotgan edi. Bu vaqtga kelib «Neftchi» tarkibidan ikki nafar, «Lokomotiv» tarkibida esa bitta o`yinchi maydondan chetlatilgan edi. O`yin oxirigacha uchrashuv bosh hakami Valentin Kovalenko har ikkala jamoa tarkibidan yana bir nafardan futbolchini maydondan chetlatdi.
Toshkentdagi o`yinda «Bunyodkor» «Mash`al» darvozasiga javobsiz uchta gol urdi. O`yinning birinchi bo`limida Lutfulla To`raev dublga erishgan bo`lsa, ikkinchi bo`limda Shavkat Salomov o`z ismini tabloga yozdirib qo`ydi.
«Lokomotiv» O`zbekiston Kubogi chorak final bosqichi doirasidagi «Buxoro»ga qarshi o`yinlarini 25 va 29 iyul kunlari o`tkazadi. Dastlabki o`yin Buxoroda bo`lib o`tadi. «Bunyodkor» esa, boshqa chorak finalchilar qatori, Muborakdagi javob o`yinini 29 iyul kuni o`tkazadi.
O`zbekiston Kubogi, chorak final, dastlabki o`yin
9 iyul, dushanba
«Bunyodkor» (Toshkent) – «Mash`al» (Muborak) – 3:0. 201 tomoshabin.
Hakamlar: M. Muhamedov (Toshkent viloyati), A. Snetkov (Toshkent viloyati), X. Mirzaahmedov (Toshkent viloyati), Sh. Qosimov (Toshkent).
Nazoratchi: R. Mo`minov (Toshkent).
Gollar: L. To`raev (18, 35), Sh. Salomov (68).
41-daqiqada E. Ergashev («Mash`al») penaltidan foydalana olmadi.
Ogohlantirishlar: J. Ibrohimov (31), X. Karimov (40) – G. Sapargaliev (43), D. Abdumo`minov (76).
O`zbekiston Kubogi, nimchorak final, javob o`yini
9 iyul, dushanba
«Neftchi» (Farg`ona) – «Lokomotiv» (Toshkent) – 3:2. 12047 tomoshabin.
Hakamlar: V. Kovalenko (Toshkent), R. Ilyosov (Toshkent), M. Saidqosimov (Toshkent), R. Tolibjonov (Farg`ona).
Nazoratchi: R. Serazetdinov (Toshkent).
Gollar: A. Berdiev (3), I. Akramov (19), P. Smolyachenko (55) – D. Jabborov (6), S. Abdullaev (75).
Ogohlantirishlar: Sh. Po`latov (16), P. Smolyachenko (68), O. Isroilov (69), Sh. Po`latov (72), I. Akramov (83), D. Ermatov (90+2) – Z. Tojiev (21), I. To`xtaxo`jaev (62), Z. Tojiev (65), S. Abdullaev (83).
Chetlatishlar: M. Saidov (62), Sh. Po`latov (ikkinchi ogohlantirish, 72), I. Akramov (83) – Z. Tojiev (ikkinchi ogohlantirish, 65), S. Abdullaev (83).
Birinchi o`yin – 1:2.