«Paxtakor» futbol klubi prezidenti Botir Rahimovga OFK Tartib-intizom qo`mitasi tomonidan jazo choralari ko`rildi. Bu haqda OFK rasmiy sayti xabar bermoqda.
3 iyul kuni OFK Tartib-intizom qo`mitasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda qo`mita 2012 yilning birinchi yarmida tashkilot bayrog`i ostida o`tkazilgan musobaqalardagi qoidabuzarliklar yuzasidan qarorlar qabul qildi.
Jumladan, Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi bahslaridan o`rin olgan Toshkentning «Paxtakor» hamda Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» jamoalari o`rtasidagi o`yinda OFK Tartib-intizom Kodeksi hamda Osiyo Chempionlar Ligasi Reglamentini buzib, hakamlarga bosim o`tkazishga harakat qilgani uchun «Paxtakor» futbol klubi prezidenti Botir Rahimovga nisbatan, «Paxtakor» – «Al-Ittihod» o`yini komissari hamda bosh hakami hisoboti hamda Reglament hamda Kodeksning tegishli moddalariga asosan, jazo choralari ko`rildi.
Unga ko`ra, OFK Chempionlar Ligasi Reglamentining 69-moddasi «a» bandi hamda OFK Tartib-intizom Kodeksining 57-moddasini buzgani uchun, Botir Rahimov 5 ming AQSh dollari miqdorida jarima to`lashi shart. Shuningdek, Reglamentning 11-moddasi «f» bandi va Kodeksning 22-moddasiga asosan, «Paxtakor» futbol klubi prezidenti 30 qaror qabul qilingan kundan e`tiboran 30 kun davomida futbol bilan bog`liq faoliyat olib bora olmaydi.
Agar jazo choralariga sabab bo`lgan holatlar yana takrorlanadigan bo`lsa, yanada kuchliroq jazo choralari ko`riladi.