O`zbekiston Kubogi nimchorak final o`yinlari deyarli yakuniga etdi.
Nimchorak final
4 iyul kuni chorak finalning dastlabki ikki ishtirokchisi nomi ma`lum bo`lgandi. Toshkentning «Paxtakor» klubi, «Navbahor» maydonida 2:1 hisobida g`alaba qozongani sabab, «Jar» stadionida 1:1 hisobida durang o`ynaganiga qaramay, keyingi bosqichga yo`llanma olgan bo`lsa, «Andijon» safarda urilgan gol evaziga «Olmaliq»ni nimchorak finalda qoldirib ketdi.
Nimchorak finalning qolgan o`yinlari 5 iyul kuni bo`lib o`tdi. Jizzaxdagi Markaziy stadion ta`mirlanayotgan sabab, Bekobodda mehmon sifatida to`p surgan «Metallurg» «So`g`diyona»ni 3:2 hisobida mag`lub etgan bo`lsa (dastlabki o`yin – 3:1, «Metallurg» foydasiga), «Bunyodkor» Ruslan Melziddinovning yagona goli evaziga «Sho`rtan»ni G`uzorda mag`lubiyatga uchratishga muvaffaq bo`ldi (dastlabki o`yin – 2:0, «Bunyodkor» foydasiga).
«Buxoro» Samarqandda bo`lib o`tgan dastlabki o`yinda «Dinamo»ni 2:1 hisobida mag`lubiyatga uchratan edi, o`z maydonida o`tkazilgan o`yinda gol ura olmagan bo`lsa-da, o`z darvozasi dahlsizligini saqlab qolishga muvaffaq bo`ldi. Muborakda «Mash`al»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan «Qizilqum» esa Zarafshonda bo`lib o`tgan javob o`yinida raqib darvozasiga yo`l topa olmagani holda, «Mash`al»dan ikkita gol ham o`tkazib yubordi. Ushbu natijani javob o`yinlarining kutilmagan natijasi sifatida baholash mumkin.
2011 yilgi O`zbekiston Kubogi finalchisi, Qarshining «Nasaf» jamoasi chorak final masalasini o`z maydonida bo`lib o`tgan birinchi o`yindayoq hal qilib qo`ygandi. O`zbekiston Birinchiligi peshqadamlaridan biri, Sirdaryo viloyatining «Guliston» darvozasiga oltita gol urgan Usmon Toshev shogirdlari (birinchi o`yin – 6:1, «Nasaf» foydasiga), javob o`yinida ham 2:0 hisobida zafar quchishdi.
Chorak final
2012 yilgi O`zbekiston Kubogi chorak finalida «Metallurg» «Nasaf» bilan, «Bunyodkor» «Mash`al» bilan, «Andijon» esa «Paxtakor» bilan bahs olib boradi. Bekobod hamda Andijondagi o`yinlar 8 iyul kuni bo`lib o`tsa (O`zPFL qaroriga ko`ra, «Andijon» – «Paxtakor» o`yini ham o`zgartirildi), 9 iyul kuni Toshkentdagi «Jar» stadionida muboraklik futbolchilar mehmon bo`lishadi. Javob o`yinlari 29 iyul kuniga rejalashtirilgan.
Chorak finalning yana bir ishtirokchisi – «Buxoro» klubi bosqich doirasidagi ilk uchrashuvini 25 iyul kuni o`z maydonida «Lokomotiv» yoki «Neftchi» jamoalaridan biriga qarshi o`tkazadi. 29 iyul kuni bo`lajak javob o`yini qaysi shaharda o`tkazilishi 9 iyuldan keyin ma`lum bo`ladi.
«Lokomotiv» – «Neftchi»
«Neftchi»ning OFK Kubogi bahslaridagi ishtiroki sabab, keyinroq muddatga surilib ketgan «Lokomotiv»ga qarshi O`zbekiston Kubogi nimchorak final dastlabki o`yini 5 iyul kuni Toshkentdagi yangi «Lokomotiv» stadionida bo`lib o`tdi. Uchrashuv 2:1 hisobida toshkentlik «temiryo`lchilar» foydasiga hal bo`ldi.
Dastlab, 14-daqiqada «Lokomotiv» yarim himoyachisi Dilshod Rahmatullaev bosh bilan yo`llagan zarbasi bilan hisobni ochdi. Tanaffusgacha bu hisob boshqa o`zgarmagan bo`lsa, ikkinchi bo`limning 11-daqiqasida «Neftchi» himoyachisi Oybek Nurboev, Mansur Saidov tomonidan amalga oshirilgan jarima zarbasidan so`ng Pavel Bugalo darvozasini aniq nishonga oldi.
Biroq, «Neftchi» futbolchilari 1:1 hisobidagi durang natijani o`yin oxiriga qadar saqlab qola olishmadi. 79-daqiqasida «Lokomotiv»ning armanistonlik etakchi yarim himoyachisi Romik Xachatryan tomonidan boshlangan hujum chap qanotda, ikkinchi bo`limda maydonga tushirilgan Sadriddin Abdullaev tomonidan rivojlantirildi va oxir-oqibat «Lokomotiv»ning armanistonlik boshqa bir etakchisi – Jora Oganesyanning chiroyli goli bilan yakuniga etdi. 2:1 hisobi o`yin yakuniga qadar saqlanib qoldi.
«Lokomotiv» hamda «Neftchi» jamoalari o`rtasidagi O`zbekiston Kubogi nimchorak final javob uchrashuvi 9 iyul kuni Farg`onada bo`lib o`tadi. Ushbu juftlik g`olibi chorak finalda, nimchorak final bosqichida Samarqandning «Dinamo» klubini ortda qoldirgan «Buxoro»ga qarshi maydonga chiqadi. Yarim final yo`llanmasi yo`lidagi dastlabki o`yin 25 iyul kuni Buxoroda bo`lib o`tsa, 29 iyul kuniga belgilangan javob o`yiniga qaysi shahar mezbonlik qilishini 9 iyuldan keyin bilib olamiz.