Yuzaga kelgan kichik tanaffusdan keyin mamlakat Oliy ligasida 10-tur uchrashuvlari start oldi. Bugun – 15 iyun kuni mazkur turning 4ta bellashuviga yakun yasaldi.
So`nggi uchta turda yirik mag`lubiyatga uchragan Muborakning «Mash`al» klubi Toshkent «temiryo`lchilar»iga qarshi o`yinda ko`p gol o`tkazib yubormadi. Bellashuvning 13-daqiqasida Islom To`xtaxo`jaev tomonidan kiritilgan yagona gol «Lokomotiv»ga navbatdagi 3 ochko taqdim etdi. Qiziq tomoni shundaki, «Mash`al» so`nggi 5ta turda ham raqib darvozasiga gol ura olmagandi. So`nggi marta Vladimir Fomichev shogirdlari 13 aprelda «Olmaliq» darvozasiga yo`l topishgandi.
«Lokomotiv» - «Mash`al» 1:0
Gol: Islom To`xtaxo`jaev (13).
Bekobodda bo`lib o`tgan «Metallurg» va «Dinamo» klublari o`yinida Rusmat Mirsodiqov boshqaruvidagi mezbonlar qiyin g`alabani qo`lga kiritishdi – 2:1. Ikkinchi bo`limning uchinchi daqiqasida Zohid Abdullaev bekobodlik futbolchilarni oldinga olib chiqqan bo`lsa, 76-daqiqada Axmad Ubaydullaev shogirdlari Shahzodbek Nurmatovga gol urish imkonini yaratib berishdi. 85-daqiqada Zafar Polvonov tomonidan kiritilgan gol hisobni qisqartirishdan boshqasiga yaramadi – 1:2.
«Metallurg» - «Dinamo» 2:1
Gollar: Zohid Abdullaev (48), Shahzodbek Nurmatov (76) — Zafar Polvonov (85).
Yangi bosh murabbiy – Tajmurod Agamurodov boshqaruvida «Olmaliq»ni qabul qilgan «Buxoro» kichik hisobda imkoniyatni boy berdi – 0:1. 89-daqiqada Aleksandr Vostrikov tomonidan kiritilgan yagona gol Igor Shkvirin jamoasiga 3 ochko taqdim etdi. Mana sakkizta o`yindirki, buxorolik futbolchilar zafar qucha olishmayapti. Joriy mavsum hisobidan ular faqatgina bir marta – 2-turda «Andijon»ni safarda taslim qilishgan xolos.
«Buxoro» - «Olmaliq» 0:1
Gol: Aleksandr Vostrikov (89).
O`z ahvolini turdan-turga yaxshilab borayotgan vodiyning «Andijon» klubi Zarafshonda «Qizilqum»ni mag`lubiyatga uchratdi. Bellashuvning 33-daqiqasida mavsum to`purari bo`lib turgan Vladimir Shishelov penaltini aniq amalga oshirib, mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqqandi. 67-daqiqada zarafshonliklar safida G`ulom O`runov o`zini ko`rsatdi. Biroq mehmonlar shu kuni 1 ochkoga rozi bo`lishmadi. 83-daqiqada Bekzod G`oziev o`z nomini tablrga yozdirib, jamoasiga 3 ochko taqdim etdi. Qayd etish kerak, Ravshan Haydarov boshqaruvidagi «Qizilqum»ning bu mavsum boshidan beri o`z maydonidagi ilk mag`lubiyatidir.
«Qizilqum» - «Andijon» 1:2
Gollar: G`ulom O`runov (67) — Vladimir Shishelov (33-pen), Bekzod G`oziev (83).