O`zbekiston Kubogi 1/8 final dastlabki o`yini doirasida «Bunyodkor» G`uzorning «Sho`rtan» klubini qabul qiladi. «Qaldirg`ochlar»ning Osiyo chempionlar ligasi nim chorak finalidagi o`yini sabab, mamlakat Kubogining nim chorak finalidan joy olgan uchrashuv qolgan o`yinlardan ancha kech o`tkazilmoqda.
Joriy mavsum hisobidan Toshkentda bir marta mehmon bo`lgan Igor Kriushenko shogirdlari 0:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Bunga qadar 2ta o`yinni o`z foydasiga hal qila olgan «Sho`rtan»dan ko`pchilik bu kabi mag`lubiyatni kutmagandi. Umuman olganda G`uzor jamoasi yildan-yilga kuchayib borayotgan bo`lsada, klubning «Bunyodkor»ga qarshi statistikasi maqtanishga arzigulik emas. Milliy chempionat doirasida 13 bor maydonga chiqqan jamoalar, faqatgina 2 marta murosaga rozi bo`lishgan. Bor yo`g`i 1ta o`yinda «Sho`rtan» zafar quchgan, qolgan 10ta bellashuv toshkentliklar foydasiga hal bo`lgan. To`plar nisbati – 29:3.
O`zaro o`yinlarda eng nomdor futbolchi so`zsiz Viktor Karpenkodir. «Sho`rtan»ga qarshi o`yinlarda «Bunyodkor» sharafini 12 marta himoya qilgan futbolchi, to`rt bor zafar quchib, har ikki statistika bo`yicha ham peshqadam bo`lib turibdi. Shuningdek, «Bunyodkor»ning Oliy liga tarixidagi eng yirik g`alabasi ham aynan «Sho`rtan» ustidan qozonilgan bo`lib, 2008 yilgi mavsumda jamoa g`uzorliklar darvozasi javobsiz etti bor ishg`ol qilingan.
Mehmonlar ustozi Igor Kriushenko «Sho`rtan» bilan ikkita fron: O`zbekiston Kubogi va chempionatida kurash olib borayotgan bo`lsa, Mirjalol Qosimov to`rtta frontda ishtirok etmoqda. «Bunyodkor»ni Osiyo chempionlar ligasi chorak finaliga olib chiqa olgan Qosimov, O`zbekiston milliy terma jamoasi bilan jahon chempionati yo`lidagi saralashda ishtirok etmoqda.