«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi.
O`zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2014 saralash 4-bosqichini muvaffaqiyatsiz boshladi. Eron terma jamoasiga qarshi Toshkentdagi «Jar» stadionida bo`lib o`tgan uchrashuv 1:0 hisobida mehmonlar foydasiga hal bo`ldi. Ushbu omil, shuningdek, milliy terma jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramovning o`zi iste`fo so`ragani sabab, O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi o`zgartirildi.
Unga ko`ra, shu vaqtgacha Toshkentning «Bunyodkor» klubi bosh murabbiyi vazifasida ishlab kelgan Mirjalol Qosimov O`zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. 8 iyun kuni Livan terma jamoasiga qarshi JCh-2014 saralash uchrashuviga O`zbekiston yangi murabbiy qo`l ostida maydonga tushadi.
Shu bilan birga, Mirjalol Qosimov «Bunyodkor»dagi murabbiylik faoliyatini ham davom ettiradi. Ma`lumot o`rnida aytib o`tish joiz, may oyi ham murabbiy, ham klub uchun muvaffaqiyatli keldi. Jamoa oy davomida Oliy Ligada uchta, Osiyo Chempionlar Ligasida uchta o`yin o`tkazdi va ularning birortasida mag`lubiyatga uchramadi. Oyning so`nggi o`yini OChL nimchorak finali doirasida Janubiy Koreyaning «Syongnam Ilva» jamoasiga qarshi o`tkazilib, 1:0 hisobida g`alaba qozongan «Bunyodkor» ikki yillik tanaffusdan so`ng musobaqa chorak finaliga yo`l oldi. «Bunyodkor» hozirda Oliy Ligada ham peshqadamlik qilmoqda.
Bungacha ham O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimida faoliyat olib borgan Qosimov 2012 yilning mart va aprel oylarida O`FF tomonidan tashkil etilgan «Oyning eng yaxshi murabbiyi» so`rovnomasida g`olib chiqqan, shuningdek, «Goal.com» internet-nashri tanloviga ko`ra, may oyida Osiyoning eng yaxshi murabbiyi deb topilgandi.