Oliy Liga 9-tur uchrashuvlari davom etmoqda.
20 may kuni tur doirasida ikkita uchrashuv bo`lib o`tdi. Olmaliqda ishqibozlar mahalliy «Olmaliq» hamda Bekobodning «Metallurg» jamoalari o`rtasidagi Toshkent viloyati derbisiga guvoh bo`lishgan ersa, Qarshida «Nasaf» Namanganning «Navbahor» jamoasini qabul qildi.
«Olmaliq» – «Metallurg» uchrashuvi maydon egalarining 3:2 hisobidagi irodali g`alabasi bilan yakuniga etdi. Uchrashuvda olmaliqliklarning gollaridan biriga mualliflik qilgan hujumchi Zafar Xolmurodov Oliy Liga bahslaridagi o`zining 200-golini urishga muvaffaq bo`ldi.
Mavsumning eng sermahsul o`yinlari hozircha 3:2 hisobida yakuniga etmoqda. Bungacha aynan «Olmaliq» «Andijon»ni shu hisobda mag`lubiyatga uchratgan, shuningdek, 8-turda «Nasaf» safarda to`p surishiga qaramay, «Sho`rtan»ni 3:2 hisobida taslim etishga muvaffaq bo`lgandi. «Olmaliq» hali o`z maydonidagi uchrashuvlarda mag`lubiyatga uchramagan bo`lsa, «Metallurg» ketma-ket ikkinsi safar o`yinida o`z darvozasidan uchta gol o`tkazib yubordi.
Qarshidagi uchrashuvda 1:1 hisobidagi durang natija qayd etildi. Maydon egalari hujumchi Shuhratbek Mirxoldirshoevning aniq zarbasidan so`ng birinchi bo`limda hisobni ochishga muvaffaq bo`lganliklari qaramay, kichik hisobdagi ustunlikni o`yin oxiriga qadar saqlab qola olishmadi. O`yin yakunlanishi arafasida «Navbahor» yarimhimoyachisi Alisher Mahmudov «Nasaf» darvozasini ishg`ol qilishga muvaffaq bo`ldi.
«Nasaf» mavsumda birinchi marta o`z darvozasidan to`p o`tkazib yubordi, bu jamoa uchun ikki ochkoga tushdi – o`z-o`zidan jamoa mavsumda ilk bor o`z maydonidagi uchrashuvda ochko yo`qotdi. «Navbahor» esa mavsumda birinchi marta safar uchrashuvida gol urishga muvaffaq bo`ldi. Bungacha Mustafo Bayramov shogirdlari mehmondagi uchrashuvlarda faqta bir ochko to`plab, 5-turda Bekobodda «Metallurg» bilan durang o`ynashgan edi.