Oliy Ligada 6-tur bahslari start oldi. Turni «Mash`al» – «Nasaf» va «Bunyodkor» – «Metallurg» uchrashuvlari ochib berdi.
Muborakda bo`lib o`tgan «Qashqadaryo derbisi»da hisob ochilmadi. «Mash`al» va «Nasaf» qarama-qarshiligi tarixida 0:0 hisobi ikkinchi marotaba qayd etilmoqda. Dastlabki shunday hisob bundan bir kuni kam to`qqiz yil avval qayd etilgandi – 2003 yilning 27 aprel kuni «Mash`al» o`z maydonida «Nasaf» bilan 0:0 hisobida durang o`ynagandi.
Ta`kidlash joiz, Qarshi klubi besh uchrashuvdan beri nafaqat mag`lubiyatga uchramayapti, balki hali o`z darvozasidan birorta ham gol o`tkazib yubormagan. Mag`lubiyatsiz va o`z darvozasi dahlsizligini saqlab qolish bo`yicha muvaffaqiyatli seriyani, shuningdek, 27 aprel kuni «Lokomotiv» mehmoni bo`ladigan «Paxtakor»da ham ko`rish mumkin, biroq Deyan Jurjevich shogirdlari, «Nasaf»dan farqli o`laroq, bitta kam o`yin o`tkazishgan. Hali biror marta mag`lubiyatga uchramagan va hozircha musobaqa jadvalida 10-o`rinda borayotgan Farg`onaning «Neftchi» klubi 29 aprel kuni Andijonda chempionatdagi to`rtinchi uchrashuvini o`tkazadi.
Toshkentda mamlakatning amaldagi chempioni «Bunyodkor» Bekobodning «Metallurg» jamoasini qabul qildi. So`nggi ikki turda atigi bir ochko ishlagan Mirjalol Qosimov shogirdlari «Metallurg» ustidan 3:1 hisobida g`alaba qozonishdi. Uchrashuvda Anvarjon Soliev dublga erishgan bo`lsa, Devid Karni O`zbekiston chempionatlari tarixida gol urgan ilk avstraliyalik futbolchi bo`ldi.
Soliev 89-daqiqada hisobni 3:0ga etkazgan bo`lsa, hakamning final xushtagi yangrashi arafasida «Metallurg» hisobni qisqartirishga ulgurdi. «Oradan hech qancha vaqt o`tmasdan mehmonlar yirik hisobni yo`qqa chiqarishdi. Bekobodoliklar tomonidan tepilgan kuchli zarbani qaytargan Nesterov ikkinchi urinishda Nurmatovning takroriy zarbasini to`sib qololmadi», - deb yozadi bu vaziyat haqida «Bunyodkor» rasmiy sayti. Ta`kidlash o`rinli, toshkentlik hakam Sherzod Qosimov aynan «Bunyodkor» – «Metallurg» uchrashuvida bosh hakam sifatida Oliy Ligada debyut qildi.
Turning navbatdagi uchrashuvlari 27-29 aprel kunlari bo`lib o`tadi.
«Nasaf»ning durang o`ynashi hamda «Bunyodkor»ning g`alabasi natijasida musobaqa jadvalida qo`shpeshqadamlik qayd etildi. Ayni vaqtda har ikkala jamoa hisobida 11 ochkodan bor, biroq Ro`ziqul Berdiev jamoasi «Bunyodkor»ga nisbatan bitta kam o`yin o`tkazgan. Biroq, 28 aprel kuni «Sho`rtan» o`z maydonida «Olmaliq»ni mag`lubiyatga uchrata oladigan bo`lsa, G`uzor klubi 12 ochko bilan musobaqa karvonboshisiga aylanib olishi mumkin.
Oliy Liga, 6-tur uchrashuvlari
26 aprel, payshanba
«BUNYoDKOR» (Toshkent) – «METALLURG» (Bekobod) 3:1 (1:0)
Hakamlar: Sh. Qosimov (Toshkent), A. Rajabboev (Namangan), R. G`opurov (Namangan), O. To`ychibaev.
Nazoratchi: F. Abdullaev (Toshkent).
Gollar: A. Soliev (41, 89), D. Karni (77) – Sh. Nurmatov (90+1).
Ogohlantirishlar: A. G`ofurov (66) – D. Karimqulov (14), F. Ahmedov (79).
Eng yaxshi o`yinchilar: A. Soliev – M. Ikromov.
2154 tomoshabin.
«MASh`AL» (Muborak) – «NASAF» (Qarshi) 0:0
Hakamlar: V. Kovalenko (Toshkent), R. Ilyosov (Toshkent), M. Saidqosimov (Toshkent), I. Ibrohimov (Nukus).
Nazoratchi: G. Imomov (Toshkent).
Ogohlantirishlar: Sh. Shaymanov (33), D. Vaniev (78), M. G`ofurov (90+1) – I. Boshkovich (22).
Eng yaxshi o`yinchilar: S. Shodmonov – F. Musaev.
5253 tomoshabin.