Kutilmagan natijalarning qayd etilishi Oliy Liganing 5-turida ham davom etdi va bu safar ham amaldagi chempioni — «Bunyodkor» diqqat markazda bo`ldi. Peshqadamlik esa, «Sho`rtan» (2-tur), «Bunyodkor» (3-tur) va «Paxtakor»dan (4-tur) so`ng, «Nasaf»ga nasib etdi.
21 aprel, shanba
«METALLURG» – «NAVBAHOR» 0:0
«Metallurg» ushbu o`yindan avval safarda «Sho`rtan»ni mag`lubiyatga uchratgan edi. «Navbahor» esa o`z maydonida amaldagi mamlakat chempioni – «Bunyodkor»ni taslim etgandi. Mavsumning dastlabki uch uchrashuvida, ba`zi ichki muammolarga duch kelgani sabab, «Navbahor» to`qqiz imkoniyatdan bor yo`g`i bittasini qo`lga kiritgan, atigi bitta gol urib, o`z darvozasidan ettita gol o`tkazib yuborgandi. Biroq, «Metallurg» bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqovning aytishicha, «oz bo`lsa-da, «Navbahor»da ham imkoniyatlar bo`ldi, biroq mehmonlar ham gol ura olishmadi».
Rustam Mirsodiqov, «Metallurg» bosh murabbiyi:
«Futbolda omadga ko`p narsa bog`liq. Oldindan men g`alaba qozonaman deb bo`lmaydi. Umuman, 2-3 yildan buyon chempionatimiz saviyasi bir xil ko`rinishda. Bu yil ham hech bir jamoa to`g`risida oldindan bir narsa deb bo`lmaydi. Misol uchun, mana, "Navbahor" "Bunyodkor"ni mag`lubiyatga uchratgan holatini yodga olaylik. Shuning uchun oldindan u yoki bu jamoa yutadi deb bo`lmaydi».
«DINAMO» – «MASh`AL» 2:0
Gollar: L. Koshelev (74, penalti), R. Ahmedov (81).
1-3-turlarda ketma-ket uchta mag`lubiyatga uchragan «Dinamo» so`nggi ikki turni ayniqsa omadli o`tkazmoqda. Mavsumning dastlabki uchta o`yinida raqib darvozasiga birorta ham gol ura olmagan Ahmad Ubaydullaev shogirdlari so`nggi ikki bahsda jami beshta gol urib, 14-o`rindan 7-o`ringacha ko`tarilishdi. «Mash`al» esa mavsumdagi ikkinchi mag`lubiyatini tan olishga majbur bo`ldi. Fomichyov shogirdlari bu mavsum hali o`z darvozalaridan bir uchrashuvda ikkita to`p olib chiqishmagandi.
Ahmad Ubaydullaev, «Dinamo» bosh murabbiyi:
«Natijadan qoniqdim lekin ko`rsatgan o`yinimizdan emas. Xatolarimizni bartaraf etishimiz kerak. O`ylaymanki o`yindan-o`yinga jamoa o`yini kuchayib borib, muxlislarni xursand etishda davom etamiz... Eng katta yo`qotishlarimizdan biri Devid Oniya bo`ldi. Aminmanki, agar Oniya safimizda bo`lsa, o`sha o`yinlarda ham «Nasaf», «Neftchi» va «Paxtakor»ga mag`lub bo`lmasdik. Chunki o`sha o`yinlarda himoyadagi xatolarimiz evaziga mag`lub bo`lgandik. Shuningdek, terma jamoadan safimizga qaytgan Salim Mustafoev va Ivan Nagaevlar ham sekin-asta o`yin uslubimizga moslashayaptilar».
Vladimir Fomichev, «Mash`al» bosh murabbiyi:
«Jamoa g`alaba qozondi, demak ular bizdan yaxshiroq o`ynashdi. Umuman olganda «Dinamo»ning so`nggi o`rinlarni tark etib, kamida kuchli beshlik uchun kurashishiga ishongandim. To`g`risini aytsam, jamoadan ko`ra meni tashkiliy ishlar quvontirdi. Buning uchun klub, stadion va shahar rahbariyatiga har qancha rahmat aytsang arziydi. Muxlislar bilan to`lgan chiroyli stadion, ajoyib maydon, tashkiliy ishlar barcha-barchasi yuqori saviyada tashkil qilinganligini alohida qayd etib o`tishni istardim. Mana shunday muhit futbol uchrashuvini bezaydi. Xohlardimki, boshqa ayrim maydonlar ham Samarqanddagidek bo`lsa. O`shanda futbol jozibasi yo`qolmaydi. Bu jamoa o`z oldiga xalqaro maydonlarga chiqishni va O`zbekiston sharafini himoya qilishga munosibdir».
«BUXORO» - «ShO`RTAN» 0:1
Gol: V. Klishin (6).
22 aprel, yakshanba
«OLMALIQ» – «QIZILQUM» 2:2
Gollar: Z. Xolmurodov (18), S. Berdiev (70) — Sh. Jo`raev (5), G`. O`runov (23). «Metallurg» stadionida qayd etilgan natijadan so`ng, ushbu ikki jamoa Oliy Liga-2012ning eng ko`p durang o`ynagan jamoalariga aylanishdi. Ikkala jamoaning qayd etgan ko`rsatkichlari bir xil: o`zaro o`yingacha bir martadan uyda va safarda durang, bitta uy uchrashuvida g`alaba va yana bir safar bahsida mag`lubiyat. 6-turda «Olmaliq» «Sho`rtan» mehmoni bo`ladi va G`uzordagi futbol ishqibozlari ajoyib futbol spektakliga guvoh bo`lishlarini hozirdan taxmin qilsa bo`ladi. «Qizilqum» esa «Progress» stadionida so`nggi so`nggi ikki turda o`yini va natijalarida «progress» kuzatilayotgan «Dinamo»ni qabul qiladi.
Igor Shkvirin, «Olmaliq» bosh murabbiyi:
«Qizilqum»ga qarshi o`yin arafasida tarkib tanlash borasida muammolarimiz bor edi. Aynan markaziy himoyadagi yo`qotishlarimiz himoyada palapartishliklar yuzaga keltirdi. Ikki marta hisobda ortda borib, tenglashtirishga muvaffaq bo`ldik. Afsuski, g`alaba qozonishimiz uchun yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalana olmadik».
Ravshan Haydarov, «Qizilqum» bosh murabbiyi:
«Birinchi taymda ancha yaxshi o`yin namoyish etdik. Ikkinchi taymda esa jamoamiz namoyish etgan o`yindan umuman qoniqmadim. Hisobni ushlab qolishga bo`lgan harakatlar natijasida ham o`yin tizginini ham to`pni nazorat qilishni raqibga berib qo`ydik. Himoyada uzoq vaqt bexato o`ynab bo`lmaydi».
«BUNYoDKOR» - «LOKOMOTIV» 1:1
Gollar: Ya. Kozak (16) – D. Rahmatullaev (3).
O`z vaqtida «Paxtakor» safida yonma-yon to`p surgan futbolchilar – Mirjalol Qosimov va Xoren Oganesyan oradan yillar o`tib, murabbiy sifatida bahs olib borishdi. Bir yillik tanaffusdan so`ng Oliy Ligadagi «Lokomotiv» ishtirokidagi «Toshkent derbilari» qayta tiklandi. Mavsum hisobidan dastlabki shunday derbida «Bunyodkor» va «Lokomotiv» murosa ko`chasini tanlashdi. Qayd etish joiz, «Lokomotiv» o`z tarixida birinchi marta «Bunyodkor»ga qarshi safar uchrashuvida ochko qo`lga kiritdi. Bundan tashqari, «Bunyodkor» 2007 yilning 3 dekabridan beri birinchi marta «Lokomotiv»ga qarshi o`yinlarda ochko yo`qotdi.
Mirjalol Qosimov, «Bunyodkor» bosh murabbiyi:
«Bunaqangi start birinchi marta kuzatilishi. Bo`ldi, chempionlikdan mahrum bo`ldik, deb qo`l siltash yo`q. Yo`qotilgan ochkolarni mehmondagi uchrashuvlarda qoplash uchun harakat qilamiz. Bu vaziyatdan chiqib ketishimiz kerak... Uchrashuvning 75-daqiqasigacha yaxshi o`ynadik. Shu vaqt mobaynida bir necha vaziyatlar sodir etdik. Ammo ulardan unumli foydalana olmadik. Tezkor gol kiritilishida hakam hato qildi. Bu vaziyatda Nesterovga nisbatan qo`pollik ishlatilgandi.... So`nggi daqiqalardagi shoshqaloqlik oqibatida yutqazib qo`yishimiz ham mumkin edi. Umuman olganda, bugun ikki ochko yo`qotdik
Xoren Oganesyan, «Lokomotiv» bosh murabbiyi:
«Lokomotiv» yangi shakllanayotgan jamoa. «Bunyodkor»ning qanday jamoa ekanligi ko`pchilikka ma`lum. Raqibni Chempionlar ligasidagi so`nggi uchrashuvini diqqat bilan kuzatdik. O`yinga yaxshi taktika tanlab, ruhiy holatimizni ham yaxshilay olgandik. O`ylashimcha, «Lokomotiv» sekin-asta o`ziga kelmoqda. Uchrashuv juda qiziqarli va shiddatli o`tdi. Shu kabi o`yinlar orqali O`zbekistonda futbol rivoj topib borayotganiga guvoh bo`lish mumkin».
«NASAF» – «ANDIJON» 4:0
Gollar: Sh. Mirxoldirshoev (19, penalti), A. Gevorkyan (47), I. Boshkovich (71), A. Pereplyotkins (90).
«Nasaf» chempionat doirasida o`z maydonidagi dastlabki uchrashuvni o`tkazdi, yirik hisobda g`alaba qozondi va musobaqa peshqadamiga aylandi. E`tiborli tomoni, Ro`ziqul Berdiev shogirdlarida hali zaxirada yana bitta o`yin ham bor. «Andijon» esa 1-turda bir ochko qo`lga kiritgani bo`yi, keyingi 4ta uchrashuvda 3ta gol urib, o`z darvozasidan 8ta gol o`tkazib yubordi. Jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Averyanovning aytishicha, jamoaning Oliy Ligadagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki sababi – «jamoada kuchli ijrochilari yo`q».
Ro`ziqul Berdiev, «Nasaf» bosh murabbiyi:
«Avvalgi o`yinda mag`lubiyatga uchraganimiz bois (OChL, «Ar-Rayyan», 0:1), bugun biroz yigitlarga ruhiy tomondan bosim kuzatilishi kutilgandi. Ammo jamoam o`z xarakterini ko`rsatib, kerakli natijaga erisha oldi. Bugungi g`alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman. Endi bor e`tiborimizni keyingi o`yinlarga qaratib, tayyorgarlikni boshlaymiz».
Aleksandr Averyanov, «Andijon» bosh murabbiyi:
«Nasaf» bugun juda chiroyli futbol namoyish etib, haqli g`alabaga erishdi. «Nasaf» bizdan kuchliligini isbotladi. Biz raqibga hech qanday qarshilik kursata olmadik. Bugungi bahsda himoyada ko`plab hatolarga yo`l qo`ydik, o`yin sifati bo`yicha ham juda hunuk uchrashuvni o`tkazdik. Bizning muvaffaqiyatsiz ishtirokimizning asl sababi jamoada kuchli ijrochilar yo`q. Biz hohlagan futbolchilarni harid qila olmaganmiz. Meni nazarimda, futbolchilarim menga qarshi emas, «Andijon»ga qarshi o`ynashdi».
Ma`lumot uchun:
- Oliy Liga-2012, 5-tur: «Nasaf» Oliy Liga peshqadamiga aylandi
- Oliy Liga-2012, 5-tur: «Dinamo» ketma-ket ikkinchi g`alabaga erishdi
- Oliy Liga-2012, 5-turdan keyingi musobaqa jadvali
- Oliy Liga-2012 birinchi davra taqvimi