Oliy Liga 5-tur uchrashuvlari yakuniga etdi.
Qarshining «Nasaf» jamoasi Oliy Liganing faqat 5-turiga kelib o`z maydonidagi dastlabki uchrashuvni o`tkazdi. «Uchrashuvdan oldin Qarshi shahrida mamlakat chempionatining tantanali ochilish marosimi o`tkazilib, Qarshi shahar hokimi Shuhrat Tursunov yig`ilganlarni tabrikladi. Madhiyamiz sadolari ostida chempionat bayrog`i ko`tarildi», - deyiladi «Nasaf» rasmiy saytidagi «Nasaf» – «Andijon» o`yini sharhida.
O`yin 4:0 hisobida «Nasaf» foydasiga hal bo`ldi. Shuhratbek Mirxoldirshoev, Artur Gevorkyan, Ivan Boshkovich va Andreys Pereplyotkins tomonidan «Andijon» darvozasiga urilgan gollar «Nasaf» 2012 yilgi chempionatdagi dastlabki yirik hisobli g`alabani tuhfa etdi. Qayd etish joiz, 5-turgacha 4:0 hisobi faqat bir marta qayd etilgan bo`lib, Oliy Liganing 2-turida Qashqadaryoning boshqa bir klubi – G`uzorning «Sho`rtan» jamoasi o`z maydonida vodiyning boshqa bir vakili – «Navbahor» darvozasiga javobsiz to`rtta gol urgandi.
Amaldagi O`zbekiston chempioni «Bunyodkor» va bir yillik tanaffusdan so`ng Oliy Ligaga qaytgan «Lokomotiv» o`rtasidagi bahs 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakuniga etdi. Dastlab, 3-daqiqada «Lokomotiv» yarimhimoyachisi Dilshod Rahmatullaev hisobni ochdi. 16-daqiqaga kelib «Bunyodkor» hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo`ldi: burchak to`pi amalga oshirilgach, maydon egalarining slovakiyalik yarimhimoyachisi Yan Kozak Bugalo darvozasini ishg`ol qildi.
«Lokomotiv» a`zolari so`nggi daqiqalarda «Jar»dan uch ochko olib ketishlari ham mumkin edi. Lekin Tojiev va Kazankov yuzaga kelgan vaziyatlardan unumli foydalana olisholmadi. Umuman olganda, «Lokomotiv» a`zolari yaxshi taassurot qoldirishib, Toshkentda yana bir derbi shakllanib borayotganini ko`rsatib berishdi», - deb yozadi o`yin haqida «Bunyodkor» rasmiy sayti.
Turning yana bir uchrashuvi Olmaliqda bo`lib o`tdi. «Olmaliq»ga qarshi o`yinda «Qizilqum» ikki marta hisobda oldinda borganiga qaramay, oxir-oqibat durang natija bilan kifoyalanishga majbur bo`ldi – 2:2. Ushbu durang har ikkala jamoani ham, hozircha, Oliy Liga-2012ning eng ko`p durang o`ynagan jamoalariga aylantirdi. «Olmaliq» bungacha «Neftchi» (0:0) va «Paxtakor» (0:0) bilan murosa yo`lini tanlagan bo`lsa, «Qizilqum» esa «Navbahor» (0:0) hamda «Bunyodkor» (2:2) bilan durang o`ynagan edi.
5-turdan so`ng Qarshining «Nasaf» jamoasi Oliy Liga-2012 peshqadamiga aylandi. Ro`ziqul Berdiev shogirdlari hisobida hozircha 10 ochko bor va ular bitta kam o`yin o`tkazishgan. Ikkinchi o`rinni 9 ochko bilan «Sho`rtan» egallab turibdi. 3-5-o`rinlarni band etgan «Bunyodkor», «Paxtakor» va «Metallurg» jamoalari hisobida esa 8 ochkodan bor, biroq «paxtakorchilar» raqobatchilariga nisbatan bitta kam o`yin o`tkazishgan. «Andijon» esa hisobida bir ochko bo`lgani holda musobaqa jadvalining eng quyi pog`onasida bormoqda.
Ma`lumot uchun:
- Oliy Liga-2012, 5-tur: «Dinamo» ketma-ket ikkinchi g`alabaga erishdi
- Oliy Liga-2012, 5-turdan keyingi musobaqa jadvali
- Oliy Liga-2012 birinchi davra taqvimi
Oliy Liga, 5-tur uchrashuvlari
22 aprel, yakshanba
«BUNYoDKOR» (Toshkent) — «LOKOMOTIV» (Toshkent) 1:1 (1:1)
Hakamlar: B. Namozov (Toshkent), B. Norsafarov (Qarshi), T. Abdullaev (Toshkent), Sh. Bozorov (Namangan).
Nazoratchi: V. Shtern (Toshkent).
Gollar: Ya. Kozak (16) – D. Rahmatullaev (3).
Ogohlantirishlar: K. Murzoev (19), L. To`raev (27), X. Karimov (89) – I. Inomov (50), J. Oganesyan (75), R. Xachatryan (81), R. A`zamov (90), B. Ashurmatov (90+3).
Eng yaxshi o`yinchilar: Ya. Kozak – R. A`zamov.
4365 tomoshabin.
«OLMALIQ» (Olmaliq) – «QIZILQUM» (Zarafshon) 2:2 (1:2)
Hakamlar: I. Tantashev (Buxoro), M. Sharipov (Buxoro), A. Qo`ldoshev (Buxoro), D. Pislegin (Toshkent).
Nazoratchi: V. Valitskiy (Toshkent).
Gollar: Z. Xolmurodov (18), S. Berdiev (70) – Sh. Jo`raev (5), G`. O`runov (23).
Ogohlantirishlar: Z. Xolmurodov (53) – A. Vlasichev (21), A. Bobojonov (33), T. Vasilev (65), R. Boqiev (71).
Eng yaxshi o`yinchilar: O. Zoteev – S. Shixov.
3323 tomoshabin.
«NASAF» (Qarshi) – «ANDIJON» (Andijon) 4:0 (1:0)
Hakamlar: R. Bobomurodov (Navoiy), X. Mirzaahmedov (Toshkent viloyati), A. Mironov (Toshkent), Z. Qodirov (Navoi).
Nazoratchi: S. Ermatov (Toshkent).
Gollar: Sh. Mirxoldirshaev (19, penalti), A. Gevorkyan (47), I. Boshkovich (71), A. Perepletkins (90).
Ogohlantirishlar: A. Gevorkyan (75) – I. Mamatkazin (9), V. Shishelov (66), A. Isaev (74).
Eng yaxshi o`yinchilar: A. Gevorkyan - V. Shishelov.
4128 tomoshabin.