"Barselona" murabbiylari hakamlar xatosi haqida gapirmaydilar!
Xosep Gvardiola "Barselona" klubining amaldagi bosh murabbiyi
Yaqinda Angliyada qiziq voqea yuz berdi. Dunyoga mashxur ikki sharhlovchining biri hisoblangan mashxur Endi Grey jonli efir mikrofonini o`chirishni unutib, yon chiziqdagi hakamni asossiz juda qattiq tanqid qildi. Buning uchun jazolandi ham.
Dunyoning eng boy va shiddatli chempionati hisoblangan Angliya premer ligasida yuz bergan mazkur katta janjaldan so`ng, "SkySports" kompaniyasi mazkur sharhlovchini ishdan bo`shatishga qaror qildi.
Juda ham katta obro`ga ega Endi Grey Premer liganing 24-tur o`yinlari doirasidagi "Vulverhempton"-"Liverpul" uchrashuvida yon chiziqda hakamlik qilgan Shon Messini asossiz tanqid qildi.O`yin 3:0 hisobida Liverpul foydasiga hal bo`ldi, ammo eng qizig`i taymlar oralig`idagi tanaffus vaqtida va final hushtagidan so`ng yuz berdi. Telesharhlovchi Grey va uning hamkasbi Richard Keys, mikrofonni o`chiq deb o`ylab, juda qo`pol ravishda Shonning ishini tanqid qilib, uni futbol qoidalarini bilmaslikda asossiz aybladi.
Bunday ayblov va haqoratlar, so`nggi vaqtlarda murabbiylar orasida ayniqsa keng tarqaldi. Evropada ham, Osiyoda ham, O`zbekistonda ham bir hil ashula. Mag`lubiyat alamiga saundtrek sifatida hakamlar haqidagi qo`shiq kuylanmoqda.
Chempionatimizning 2-turidayoq murabbiylar katta sahnaga chiqishni boshlashdi. Keling, bu ishni Samarqandning “Dinamo plyus” klubi bosh murabbiyi Viktor Jalilov boshlab berdi deb aniqlik kiritib, muammoning uchinin chiqaramiz. Futbol jamoatchiligi, shu jumladan o`sib kelayotgan yangi murabbiylar avlodi yaxshi taniydigan va hurmat qiladigan mazkur murabbiy ommaga o`zini boshqacha qiyofada namoyish etadigan ko`rinadi.
Gap bundoq. 12 mart kuni quyoshli Samarqandda mahalliy "Dinamo plyus" jamoasi ligaga qaytgan "Buxoro"ni qabul qildi. Mag`lubiyatga uchragan Viktor Jalilov o`yin davomida hakamlarning harakatidan norozi bo`lganligini bildirish uchun hakamlar xonasiga bostirib kiradi.
"Mening qarshiligim hamda xavfsizlik uchun mas`ul bo`lgan mayor Tojievning qaytarishlariga qaramay, Viktor Romanovich hakamlar xonasiga kirib uchrashuv bosh hakami Bahtiyor Namozovni kurakda turmaydigan so`zlar bilan haqorat qildi va xonadan chiqib ketdi", - deb yozadi uchrashuv nazoratchisi Radik Serazitdinov PFL ijrochi direktoriga yozgan arznomasida.
Shunday bo`lganini bosh hakam Bahtiyor Namozov va uning brigadasi a`zolari imzolagan ikkinchi arznoma ham tasdiqlaydi.
"Dinamo Plyus bosh murabbiyi hakamlar xonasiga kirib, o`yinning bosh hakamini haqorat qildi", - deb yoziladi hakamlarning arznomasida. "Bundan tashqari u hakamlarning xatti-harakatidan norozi ekanligini ham aytib o`tdi".
Kamiga "Dinamo Plyus" rahbariyati musobaqalar reglamentini qo`pol ravishda buzayotgan Viktor Jalilovni tartibga chaqirish o`rniga O`zbekiston Futbol Federatsiyasi hakamlar va nazoratchilar qo`mitasiga Bahtiyor Namozovning xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat maktubini yozdi. Samarqandliklar rahbariyati maktubda uchrashuvning 28-daqiqasida Dinamo Plyus darvozasi tomon belgilangan penalti hamda maydon egalari futbolchisi Devid Oniyaga ko`rsatilgan qizil kartochkaga shubha-gumon borligi ta`kidlangan.
Shundan so`ng, hakamlar va nazoratchilar qo`mitasi mazkur holat yuzasidan yig`ilish o`tkazib, uchrashuv yozilgan videotasmani o`rganib chiqdilar. Qo`mita rahbariyati masalani ko`rib chiqdi va muhokama qildi. Oxir-oqibat bir ovozdan uchrashuv hakami haq ekanligi haqida qaror qabul qildilar va ishni PFLga oshirdilar.
Kimdir yutqizsa uning uchun doim hakam aybdor. Bu ehtiroslarga to`la futbolning bir qismiga aylanib bormoqda. Sal avval FIFA Jahon chempionatida hakamni haqorat qilgan Serbiya terma jamoasi bosh murabbiyi Radomir Antichni diskvalikatsiya qilgan va buning natijasida mamlakat futbol federatsiyasi uning xizmatlaridan voz kechgandi. Yoki maydonga yugurib chiqib hakam bilan munosabatlarni bir yoqlik qilmoqchi bo`lgan Rossiyaning “Ural” klubi prezidentini esga oling. Grigoriy Ivanov Rossiya Futbol Ittifoqi tomonidan bir ming AQSh dollari miqdorida jarimaga tortildi va jiddiy ravishda ogohlantirildi. Portugaliyalik yulduz murabbiy ham xuddi shunday qilmishi uchun diskvalifikatsiya qilinganligi hali ham yodimizda.
Arqonni uzun tashlab, voqealarni jim kuzatgan Professional futbol ligasishundan so`ng harakatga keldi va klub prezidenti Samarqand shahar hokimi Akbar Shukurovga rasmiy maktub yubordi. Unda nazoratchi va bosh hakam arznomalarida yozilganidek Viktor Jalilovning hakamlar xonasiga bostirib kirganligi va hakamlarni qattiqhaqorat qilganligi haqida yozilgan. PFL bosh direktori Farhod Magomedov o`zi imzolagan ushbu maktubda Dinamo Plyus rahbariyatining bunday hatti-harakatlari o`zbek futbolini hunuklashtirib yuborishini alohida urg`ulaydi.
Tartib-intizom kodeksining 1-bob 5-moddasi, 5.4, 5.6 bandlari, shuningdek, 2-bob 5.31 va 5.34 bandlariga binoan, Dinamo Plyus jamoasiga qattiqhayfsan e`lon qilindi. Maktubda yozilishicha, jamoa futbolchilari, xodimlari va hatto rahbarlarning bunday provokatsion xatti-harakatlari sal qolmasa stadionda ishqibozlar o`rtasida ziddiyatli tartibsizliklarga sabab bo`lishi mumkin edi. Ammo, Samarqandning haqiqiy ishqibozlari bunday harakatlarga aldanmadilar va hotirjamlikni saqlab, barchaga namuna bo`la oldilar.
Dinamo Plyus jamoasi murabbiylarning qilmishi oddiy ogohlantirishsiz qolib ketmaydi. Shunda yoki shunga o`xshash holat takrorlangan taqdirda ko`xnaSamarqand shahri jamoasi O`zbekiston chempionati musobaqalaridan 1 yilga chetlatiladi. Bosh murabbiy Viktor Jalilov esa, bo`lib o`tgan voqealardan to`g`ri hulosa chiqarmasa egallab turgan lavozimidan ozod etilishi va hatto murabbiylik litsenziyasidan mahrum bo`lishi ham mumkin.
PFL matbuot xizmati